Davlat xizmatlari “mahallabay” usulda amalga oshirildi

Paxtachi tumanining Guliston mahallasida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” doirasidagi sayyor qabul ana shu tarzda kechdi. Unda nafaqat shu mahallada yashovchi fuqarolar, balki Pay, Chorgo‘sha, Jana, Qoratepa, Tadbirkor mahallalari fuqarolari ham ishtirok etdi.

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Azizov har bir fuqaro bilan muloqot qilib, agentlik tomonidan aholiga tezkor, qulay va shaffof xizmatlar ko‘rsatish barobarida, sohada yaratilgan qulayliklar va yangiliklar bilan tanishtirdi. Ularning muammolariga, fikr-mulohazalariga quloq tutdi.

Tadbir davomida fuqarolar tomonidan 50 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Xususan, Chorgo‘sha mahallasida istiqomat qiluvchi Ashirgul Xo‘jamurodova 12 va 9 yoshli nevaralariga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma olishda, Jana mahallasida yashovchi 2003 yilda oila qurgan O‘rol Allamurodov va Muhayyo Tojiyeva bugungacha nikoh qayd etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma bilan yashab kelishayotganini ta’kidlab, guvohnoma olishda yordam so‘radi. Ularning murojaatlari shu yerning o‘zida ko‘rib chiqilib, guvohnomalar topshirildi. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida kelgan Boltali mahallasida yashovchi Yahyo Ergashev xususiy tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, unga yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim etildi.

Sayyor qabulda nikoh bilan bog‘liq 15 ta, tug‘ilganlikni qayd etish bo‘yicha 12 ta, farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish bilan bog‘liq 8 ta murojaat shu joyning o‘zida o‘z yechimini topdi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.