Davlat xizmatlari markazlari: kechagi ovoragarchiliklar va bugungi qulayliklar
Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlarida aholiga tezkor, qulay va shaffof tarzda 130 ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Shu o‘rinda, tadbirkorning bundan 10-15 yil oldin ro‘yxatdan o‘tish tartibini bir eslab ko‘raylik. Korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tadbirkor oylab yugurib, o‘nga yaqin idoralarga murojaat qilish va qirqtaga yaqin har xil hujjatlarni taqdim etishga majbur bo‘lgan.
Endilikda respublikamizning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan Davlat xizmatlari markazlarida nafaqat yuridik, balki jismoniy shaxslarga “tezkor, qulay, shaffof” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Sudlanganlikka oid ma’lumotlarni olish uchun fuqarolar o‘zlari doimiy istiqomat qilib turgan joydagi viloyat ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilishlari va natijasini olish uchun bir necha kun kutishlari kerak edi.
Endi bunday ma’lumotnomani barcha fuqarolar yashash manzilidan qat’iy nazar, istalgan Davlat xizmatlari markazlari yoki elektron tarzda my.gov.uz portali orqali qisqartirilgan muddatda olish mumkin.
FHDYo Arxividan olinadigan ma’lumotnomalarni ham o‘zingiz yashaydigan hududda joylashgan DXM orqali olishingiz mumkin.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish va notarial organlar sohasida hamda rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish Davlat xizmatlari markazi yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali amalga oshirilmoqda.
E’tiborli jihati, viloyat FXDYo arxivlari so‘rovnoma tushgan kundan boshlab, 3 ish kuni mobaynida ma’lumotlarni tegishli FHDYo organlarida mavjud yoki mavjud emasligini aniqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga yuboradi. Markaz esa shu ma’lumotnomani 10 daqiqa ichida zudlik bilan ariza beruvchining elektron manziliga jo‘natadi. Davlat xizmatlari markazlari va FHDYo organlari o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ma’lumotlarni sir saqlanishini ta’minlaydi.
Avvalgi tartibga ko‘ra ya’ni, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ushbu xizmat joriy etilishidan avval FHDYo arxividan ma’lumotnomalar qonunchilikka muvofiq15 kun muddat ichida taqdim etib kelingan.
Avvallari xorijiy oliy ta’lim muassasalarni bitirgan fuqarolarimiz diplomlarini nostrifikatsiya qilish tartibi ancha qiyin edi.
Endi xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish talablari ro‘yxatidan ta’lim to‘g‘risidagi hujjat O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud bo‘lgan ta’lim shaklida o‘qib olingan bo‘lishi kerakligi haqidagi qoida chiqarib tashlandi.
Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari orqali joriy etilganda xizmatni ko‘rsatish muddati 15 kundan 6 ish kuniga, taqdim etiladigan hujjatlar soni esa 4 tadan 2 taga qisqartirildi.
Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash uchun ariza beruvchilar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilib, quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:
- xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi;
- xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi.
Joriy yil 1 apreldan boshlab ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hamda narkologiya dispanseri tomonidan fuqarolarning hisobda turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish amaliyoti bekor qilindi.
Endilikda bu kabi ma’lumotnomalar faqat joylardagi Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali taqdim etish tartibi belgilandi. Birinchi apreldan boshlab narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladigan bo‘ldi.
1 apreldan boshlab shuningdek, fuqarolar doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat’iy nazar, istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish mkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu xizmat barcha xizmat turlari uchun tashkil etilgan. Masalan, respublikamizning istalgan shahrida faoliyat yuritishni maqsad qilgan tadbirkor o‘z yashash hududidagi markazlardan turib ham ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Yagona portal: yanada oson va yanada qulay.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xizmat olish uchun foydalanuvchi alohida o‘z kompyuteriga ega bo‘lishi shart emas. Ya’ni siz o‘z smartfoningiz yoki planshetingizdan foydalangan holda my.gov.uz saytiga kiribbir marta avtorizatsiyadan o‘tishingiz kifoya. Ushbu portal sizga zarur axborotni topish, biznesga doir masalalarni tezkor hal etish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi.
Sohadagi mazkur qulayliklar “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilning amaldagi ifodasidir.
Akmal Turabov,
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi.