Davlat xizmatlariga endi tanlov asosida ishga qabul qilinadi
Bilasizmi, Yaponiyada davlat xizmatiga qabul qilish tizimi 1947 yilda qabul qilingan qonun bilan tartibga solinadi. Bu mamlakatda davlat xizmatiga qabul qilishda ikkita usuldan foydalaniladi.
Birinchidan, maxsus kasb va lavozimlar uchun saralash orqali ishga tayinlash (o‘zining malakali mutaxassis ekanligini isbotlagan ishchi xodimlardan saralab olinadi).
Ikkinchidan, eng ko‘p qo‘llanadigan usul – tanlov imtihonlari. Tanlov imtihonlari uch toifaga bo‘linadi. Ya’ni, oliy ma’lumotlilar, o‘rta-maxsus ma’lumotlilar, to‘liqsiz oliy va o‘rta maktabni tugatganlar. Birinchi toifa g‘oliblari asosan rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi. Imtihon natijalaridagi yuqori ko‘rsatkich ularning kelgusida xizmat pog‘onalarida ko‘tarilishida muhim rol o‘ynaydi.
Germaniyada davlat xizmatiga qabul qilish tizimi 1953 yilda (1985 yilda qayta tahrirlangan) qabul qilingan qonun bilan tartibga solinadi. Davlat xizmatiga tayinlanadigan, saylanadigan va tanlov asosida ishga olinadigan lavozimlar mavjud. Tanlov imtihonlari asosida oddiy ishchi-xodimlar ishga qabul qilinadi. Ochiq tanlov imtihonlarini o‘tkazishga har bir idora va tashkilotning yuqori vazirligi mas’ul qilib belgilangan. Masalan, o‘qituvchi ish o‘rni uchun vakant lavozimlarning tanlov imtihonlari asosida jamlanishiga Xalq ta’limi vazirligi javobgar hisoblanadi.
Rossiya Federatsiyasida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish (davlat siri bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlardan tashqari) ochiq tanlov asosida amalga oshadi. Davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish bo‘yicha tanlov o‘tkazish me’yorlari 2005 yilda tasdiqlangan. Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda vakant lavozimlarga ishga qabul qilish to‘g‘risida internet tarmog‘idagi saytga e’lon joylashtiriladi. Talabgorlar talab etilgan barcha hujjatlar va arizalarni elektron tarzda hamda asl nusxasini tanlov komissiyasiga taqdim etadi. Talabgorlarning hujjatlari belgilangan vakant lavozimlarga mosligi to‘liq o‘rganib bo‘lingach, birinchi bosqich tugaydi. Ikkinchi bosqichda talabgorning tegishli vakant lavozimga munosib bilim va ko‘nikmalarga ega ekanligi, jamoada ishlash layoqati yozma referat, yakka suhbat orqali aniqlanadi.
Endilikda bizda ham davlat xizmatiga qabul qilish yangi tizim asosida amalga oshiriladi. Buning uchun davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 oktyabrda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Mazkur agentlik davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
Shu paytgacha mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli organning mavjud emasligi davlat organlari va tashkilotlarida yagona kadrlar siyosatini olib borishga, xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishga, malakali kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirishga hamda ular tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining vakant lavozimlari o‘z vaqtida egallanishiga yo‘l qo‘ymayotgan edi.
Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishini hamda davlat fuqarolik xizmatida professional sifatlar va alohida xizmatlar asosida ko‘tarilib borishni ta’minlaydigan nomzodlarni saralab olishning shaffof mexanizmlari shakllantirilmagandi.
Yangi tashkil etilgan agentlik bu kabi muammolarga barham berib, davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasining g‘oyaviy platformasini, uni rivojlantirish dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona siyosatning amalga oshirilishini ta’minlaydi. Davlat organlari va tashkilotlarining davlat kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Farmonda belgilanganidek, endi davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshiriladi (saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlar bundan mustasno).
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, «Xalq banki» AJ hamda Nukus shahri, Andijon shahri, Buxoro shahri, Jizzax shahri, Qarshi shahri, Navoiy shahri, Namangan shahri, Samarqand shahri, Guliston shahri, Termiz shahri, Angren shahri, Bo‘ka va Bekobod tumanlari, Farg‘ona shahri, Urganch shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanida 2020 yil 1 yanvardan boshlab — tajriba tartibida;
davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshiriladi.
Muhimi, ochiq mustaqil tanlov asosida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinadigan shaxslar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va tegishli ravishda uning filiallari bilan kelishmasdan turib lavozimdan ozod qilinishi mumkin emas.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar bo‘linmalari faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va uni muvofiqlashtirish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘linmalarining rahbarlari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va tegishli ravishda uning filiallari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi, har uch yilda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida attestatsiyadan o‘tadi.
Akobir ShAMSIYeV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, Respublika “Taraqqiyot” tanlovi final bosqichi ishtirokchisi.