Davlatlar Kiyevdan diplomatlarini olib chiqmoqda, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 1,2 milliard yevro miqdorida yordam ajratadi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qo‘shimcha 1,2 milliard yevro ajratadi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, “bu paket hozirgi mojaro tufayli Ukrainaga moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yordam beradi”.

U shuningdek, Bryussel tez orada 120 million yevro miqdoridagi “mamlakatni modernizatsiya qilish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun” ikkinchi, uzoq muddatli yordam dasturi ustida ish boshlashini aytdi.

«2014 yildan beri Yevropa Ittifoqi va Yevropa moliya institutlari mamlakatga 17 milliard yevrodan ortiq kredit hamda grantlar ajratdi. Ukraina erkin, suveren davlat, u o‘z tanloviga haqi bor va Yevropa Ittifoqi Ukraina tomonida», dedi Ursula fon der Leyen.

Shu bilan birga, NATO Irlandiya janubi-g‘arbiy qirg‘oqlaridan 240 kilometr uzoqlikdagi Atlantika okeanidagi xalqaro suvlarda Rossiyaning harbiy mashg‘ulotlariga javoban qo‘shimcha kuchlarni shay qilmoqda va Sharqiy Yevropaga qo‘shimcha kemalar, qiruvchi samolyotlar yubormoqda.

Irlandiya tashqi ishlar vaziri Saymon Koveni:
«Bu - xalqaro suvlar, lekin shu bilan birga u Irlandiyaning yaxlit iqtisodiy zonasining bir qismidir. Mashqlarning oldini olishga bizda imkoniyat yo‘q, lekin men Rossiyaning Irlandiyadagi elchisiga bu nomaqbulligini aytdim. Hozir Ukraina va atrofida sodir bo‘layotgan voqealar kontekstida harbiy faollik va keskinlikni oshirish vaqti emas»

Shu kunlarda Buyuk Britaniya Kiyevdan bir qator diplomat va ularning oila a’zolari evakuatsiya qilinishini e’lon qildi. London bu harakatni Rossiyadan kelayotgan tahdidga javob deb atadi.

Avvalroq AQSh va Fransiya ham Ukrainadagi elchixona xodimlarini chaqirib olayotgani haqida xabar bergan edi.

Kreml Ukrainadagi tanglik kuchayishida ayb Vashington va NATOda ekanligini aytmoqda hamda chegaradagi vaziyatni “axborot jazavasi” deya atadi.