Davomat 15 foiz bo‘lgan kollejga rahbarlik qilgan ayolning shogirdlari bugun nufuzli idoralarda ishlayapti. Buning sababi...
Bu ayolni tadbirli rahbar, deb e’tirof etishadi jomboyliklar.
Ehtimol, rahbarlik qobiliyati otasidan o‘tgandir. Ammo oiladagi tutumi, turmush o‘rtog‘iga hurmat, farzandlar tarbiyasi borasida qo‘llaganlari onasidan o‘tgan.
Gulnora Ahmedova, aslida, rahbarlik faoliyatini 18 yoshidan boshlagan.
- O‘shanda institutda sirtqi o‘qib, ham bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlardim, - deya gapirib beradi Gulnora opa biz bilan suhbatda. - Jomboyning chekka qishlog‘ida tug‘ilganman. Bir yil mavsumiy ishlaydigan bog‘chada faoliyat yuritdim. Ammo shu orada bog‘cha ma’lum sabablarga ko‘ra mudirasiz qoldi. Sovxoz rahbari meni chaqirtirib, «Bog‘chaga mudira bo‘lasan, sendan boshqa oliy ma’lumotli xodim yo‘q», dedi. O‘shanda o‘zimni yo‘qotib qo‘ymay, sovxoz rahbariga shart qo‘yganimni eslasam, haliyam o‘sha shijoatimga hayron qolaman. «Mayli, mudiralik qilaman, ammo shartim bor: bizning bog‘chamiz ham mavsumiy emas, doimiy bog‘cha bo‘lsin, sharoitlari yaxshilansin» deganimda sovxoz rahbari kulib qo‘ydi-da «Sendan nimadir chiqadi-yov» dedi.
Shu-shu, mudiralik qildim. Rostdan ham sovxoz rahbari so‘zida turdi. Ko‘p o‘tmay bog‘chaga qo‘shimcha binolar berilib, ta’mirlandi. Keyinroq faqat qishloq xo‘jalik ishlari avj olgan pallada ishlaydigan bog‘cha yil davomida bolalarni qabul qila boshladi.
Maktabda o‘quvchilarga nonushta tashkil qilganman
Oradan yillar o‘tdi, turmushga chiqdim, farzandlarim tug‘ildi. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlay boshladim. O‘sha o‘tgan asrning 80-yillarida 3,5 kilometr oraliq masofada joylashgan ikkita maktabga piyoda qatnab ishlardim. Ko‘p vaqt o‘tmay, meni o‘sha paytdagi 39-maktab direktorligiga tayinlashdi. Shu yillari odamlarning yashash sharoiti og‘irroq, bolalarning to‘yib ovqatlanmasligi ma’lum edi. Bunday paytda yaxshi o‘qishni talab qilish qiyin bo‘lgani uchun, avvalo, bolalarning hech bo‘lmasa bir kunda bir stakan sut ichishlari uchun imkon izladim. Qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan qoramol sotib oldik, yarim gektar yer ajratilgach, dehqonchilik qilib, o‘quvchilarning nonushta qilishi uchun sharoit yaratdik. O‘quvchilarning yaxshi bilim olishi uchun o‘qituvchilarni ham rag‘batlantirdik. Xullas, o‘sha paytlar viloyat hokimi bo‘lib ishlagan Shavkat Mirziyoyev bu tajribani boshqa maktablarda ham ommalashtirishga chaqirgandi.
50 foiz bitiruvchi o‘qishga kirgan
Bir necha yil o‘tmay tumandagi eng qoloq, 54-maktabga direktor etib tayinlashdi. 240 o‘rinli maktabni tez orada hashar yo‘li bilan qurdik, o‘quvchilarining bilim natijalari yaxshi o‘qituvchilarga rag‘batni kuchaytirdik. Oradan bir necha yil o‘tib ushbu maktabning avval 20, keyin 30, so‘ng 50 foiz bitiruvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilina boshladi. Bularning barchasi o‘qituvchilarning izlanishlari, ularga adolatli munosabat, maktab jamoasi xuddi katta bir oiladay muhitning yaratilganida edi, deb o‘ylayman.
Bu mehnatlarim samarasiz ketmadi. Davlatimiz tomonidan «Shuhrat» medali bilan taqdirlandim.
Davomat 15 foiz bo‘lgan kollejga rahbar bo‘ldim…
2010 yildan esa davomat 20 foizga ham yetmaydigan Jomboy iqtisodiyot kollejiga rahbar bo‘ldim. Davomatning ahvoli bu, jamoa ikki guruhga bo‘linib olgan, o‘qituvchilar ishlashni istamaydi. Bu vaziyatdan qanday chiqib ketish mumkin, kollejni namunaliga aylantirishda nimaga e’tibor berish kerak?
To‘g‘risi, avvaliga boshi berk ko‘chaga kirib qolganday his qildim o‘zimni. Ammo bir umr ta’lim tizimida ishlaganim, qolaversa, yuqorida ta’kidlaganimday, doim qoloq maktablarda ishlab, ozmi-ko‘pmi ularning darajasini ko‘targanim uchun darhol reja tuza boshladim. Avvalo ishlayotgan joying obod bo‘lishi kerak, ishga kelganida u yerdagi sharoitdan, muhitdan bahra olishi kerak inson. Kollejga kelganimda hammayoq yantoqzor, devorlari ko‘chib ketgan, jihozlar abgor… Ishni obodonlashtirishdan boshladim. Maktabda ishdan ketayotganimda beriladigan «raschet»ni bo‘yoq, cho‘tka olishga sarfladim, to‘g‘risi. Hovlini tozalatib, gullar ektirdim. Xullas, birinchi sentyabrgacha shunday, o‘z xarajatlarimiz bilan bo‘lsa-da, o‘zgarish sodir bo‘ldi. Endigi masala, kollejdagi davomat edi. O‘qituvchilarga qattiq talab qo‘ydim, davomati yaxshi bo‘lmagan guruh o‘qituvchisiga chora ko‘rishgacha bordik. Bir yil ichida kollejda ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Talabalar «Siz qonunni bilasizmi?» tanlovining respublika bosqichida ikkinchi o‘rinni olgach, kollej o‘quvchilari o‘rtasida darsga, ta’lim muassasasiga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. O‘rni kelganda aytishim kerakki, ushbu tanlovda qatnashgan yigit-qizlarning deyarli barchasi bugungi kunda jamiyatning nufuzli idoralarida mehnat qilmoqda.
Xullas, kollejning qiyofasi ham, ta’lim-tarbiya ham o‘zgardi.
Ayol rahbarning ustunlik jihatlari nimada?
Umuman, ayol rahbar birinchi navbatda o‘sha, borgan joyida o‘zi ona bo‘lgani uchunmi, xuddi oilasidagi kabi tartib bo‘lishini istaydi, xodimlardan ishni talab qilish barobarida farzandiga nechog‘lik adolatli bo‘lsa, shunday adolat o‘rnatilishiga harakat qiladi. Shunday o‘y bilan harakat qilsagina, jamoada obro‘ topadi, elning hurmatini qozonadi. Ehtimol, shuning uchun ko‘p o‘tmay «El-yurt hurmati» ordeniga munosib ko‘rilgandirman. Bu e’tibor, mukofotlarning barchasini mas’uliyat deb his qildim. Bir paytlar hatto o‘qituvchilar «Ahmedova bitta ko‘ylagini ado bo‘lib qolmaguncha kiyadi-ya» degan kinoyaomuz gaplarni eshitganman. Ba’zida hozir ham qarindoshlarimiz «shuncha rahbar bo‘lib ishlab, bor-yo‘g‘i bitta uylaring bor-a» deyishadi. Ammo halol ishlaganman, qayerda faoliyat yuritmay, vijdonimga xilof ish tutmaganman, deya ishonch bilan ayta olaman.
Darvoqe, biz Gulnora Ahmedovaning qaysi fandan dars berishi, pedagog sifatidagi mahoratiga to‘xtalmadik. Maqsadimiz, rahbar ayolning fikrlari, tajribasi bilan o‘rtoqlashish edi…
Gulruh Mo‘minova.