“Daydi to‘p”, “Qurbaqani sayr qildirgan lochin” va “Dorboz tulki”: Yovvoyi tabiatning eng yaxshi fotosuratlari

Buyuk Britaniyada yovvoyi tabiatning o‘ziga xos bayrami bo‘lmish “British Wildlife Photography Awards” (BWPA) tanlovi natijalari sarhisob qilindi.

Har yili BWPA Britaniyadagi fotosuratchilarning yovvoyi tabiatga bag‘ishlangan ajoyib ishlarini birlashtirgan holda ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortadi.

2024 yilda Rayan Stalker “Okeandagi daydi to‘p” surati bilan BWPA g‘olibligini qo‘lga kiritdi

Dorsetda olingan suratda eski to‘p aks etgan. Suv yuzasida u oddiy bir oz shishirilgan sport anjomiga o‘xshaydi. Suv ostidagi qismida esa butun koloniyani hosil qilgan g‘oz qisqichbaqalari yopirilgan.

Hayratlanarlisi shundaki, odatda bu organizmlar Buyuk Britaniya qirg‘oqlarida yashamaydi. Ehtimol, ular bu to‘pga tropik zonadan Atlantika bo‘ylab minglab kilometrlarni bosib o‘tgandir. Rayan Stalkerning bu ijodi “Sohil va dengiz” nominasiyasining ham eng yaxshi surati, deb topildi.

Yulduzli tundagi chug‘urchiq

Hayvonlar portreti nominasiyasida tunda parvoz qilayotgan oddiy chug‘urchiqni suratga olishga muvaffaq bo‘lgan Mark Uilyams g‘olib bo‘ldi. Fotosuratchining ob’yektivida qush o‘ta jozibali va hatto boshqa dunyoviy ko‘rinish berdi. Bunday suratni tushirish uchun muallif sabr-toqat bilan kerakli fursatni uzoq kutishiga to‘g‘ri keldi.

Osmono‘par qora qayin

Grem Niven “Yovvoyi o‘rmon” nominasiyasida g‘olib bo‘ldi. U pastdan turib barglari to‘kilib ketgan Qora qayin (olxa) daraxtlarini suratga oldi. Daraxtlar tepasidagi shox-barglar boshqa o‘simliklar yorug‘lik olishiga to‘sqinlik qilmaslik uchun bir-birining shoxlariga tegmaslikka harakat qilgan holda o‘rmon qoplamini hosil qiladi. Ushbu yo‘l orqali daraxtlar parazitlar va kasalliklarni yuqtirishdan qochadi, degan gipoteza ham yo‘q emas.

Dorboz tulki

 

"Tabiiy muhit" nominatsiyasida gorizontal daraxt tanasi bo‘ylab ehtiyotkorona yurgan tulki g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Uni Daniyel Valverde Fernandes Nottingem yaqinidagi o‘rmonda suratga olgan.

Arran tepasidagi qarg‘a

Tanlovda, shuningdek, oq va qora fotosuratlar alohida nominasiya sifatida e’tirof etildi. Unda Shotlandiyaning Arran oroli ustida havoda uchib yurgan qarg‘ani tasvirga olgan Robin Dodd olgan surat g‘olib bo‘ldi.

***

Tabiat go‘zalligi bilan sehrlashi mumkin, shuningdek, tabiat... kulgili (!) ham bo‘lishi mumkin! Aniqrog‘i, u emas, balki uning mahsuli - o‘ng‘aysiz ahvolga tushib qolgan hayvonlar. Quyida e’tiboringizga ana shunday qo‘lga tushganhayvonlarning kulgili fotosuratlarini havola etamiz.

BWPA nafaqat Britaniya yovvoyi tabiatining go‘zalligi va xilma-xilligini aks ettiradi, balki uni saqlash muhimligi haqida xabardorlikni oshiradi. Tanlov fotosuratchilarga o‘z mahoratini namoyish etish imkoniyatini berish bilan birga, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va saqlashda tabiatni suratga olish muhimligini ta’kidlaydi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.