Deputat murojaatiga bepisand qaragan rahbarlar bor

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttiz oltinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturining birinchi chorakdagi ijrosi yuzasidan viloyat hokimligi kotibiyat mudiri S.Elmurodovning axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, viloyat hokimligi huzuridagi muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tomonidan davlat dasturining ijrosi doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda. Monitoring natijalari davlat dasturidagi 21 band bo‘yicha ishlar bajarilganligi va boshqa chora-tadbirlar ijro jarayonida ekanligini ko‘rsatdi.

Davlat dasturida belgilangan endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash hamda endokrinologiya muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, Samarqand davlat universiteti hududida “Yoshlar texnoparki” qurilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

E’tiborlisi, dastur ijrosiga ko‘ra, viloyatda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining angioxirurgiya va transplantatsiya bo‘limi va uning operatsion bloklari kapital ta’mirdan chiqarildi va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti uchun kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Angioxirurg, urolog, nefrolog, anesteziolog-reanimatolog vrachlari va hamshiralari joriy yil aprel-may oylarida akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha amaliyot o‘tab keldi. 2021 yil 10-12 iyun kunlari Samarqand viloyatida ilk bor uch nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Shundan so‘ng, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi, xususan, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari hamda inshootlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish borasida olib borilayotgan ishlar ahvoli yuzasidan “Suv ta’minoti va oqova suv ob’yektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i S.Isayev hamda “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori K.Yusupovning hisobotini ko‘rib chiqdilar. Mazkur masala tegishli doimiy komissiyada atroflicha muhokama etilgani sababli hisobot tasdiqlandi.

Shuningdek, sessiyada viloyatda “mahallabay” ishlash tizimi orqali aniqlangan muammolarni hal etish va mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturida belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Deputatlar viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqib, qaror qabul qildilar.

Jumladan, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga buyrak transplantatsiyasi operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur tibbiy asbob-uskunalar sotib olishga viloyat mahalliy byudjeti ikkinchi chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan 3 milliard 190 million so‘m, olis hududlardagi 62 ta maktab filiallarini ta’mirlash, yangidan qurish uchun 2 milliard 400 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Sessiyada deputatlarning ijro organlariga murojaatlari natijalari ham tahlil etildi. Deputatlik so‘rovi, sessiyalarda muhokama etilgan masalalarga, savollarga o‘z vaqtida javob bermagan, ko‘tarilgan masalani hal qilmagan bir qator tashkilot va muassasalar, xususan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati, turizmni rivojlantirish departamenti mas’ullariga intizomiy va ma’muriy chora ko‘rish belgilandi.