Deputatlar bir sinfda 40 nafardan ziyod o‘quvchining tahsil olishi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini o‘rgandi

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati Badriddin Nasriyev va xalq deputatlari Samarqand shahar kengashi deputati Abduaziz Munisov Xo‘jaqishloq mahallasida saylovchilar bilan uchrashdi.

Samarqand shahridagi ushbu mahalla fuqarolaridan 10 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Jumladan, mahalla fuqarosi Islom Rahimov hududdagi maktablarda o‘quvchilar uchun sinf xonalari yetishmasligi, 40 va 67-umumta’lim maktablarining har bir sinfida 43, 44  nafardan bolalar o‘qiyotganligidan arz qildi. 

- Xo‘jaqishloqda bundan bir necha yillar avval maktab uchun ajratilgan yer maydoniga uy-joylar qurilib ketgan, - dedi I.Rahimov. - Shuning evaziga huddudagi 420 o‘ringa mo‘ljallangan 67-umumta’lim maktabida bugungi kunda 900 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olyapti. Maktabda sport zali va faollar zali yo‘q. 40-umumta’lim maktabining ahvoli ham haminqadar. Har bir sinfda 44 nafargacha o‘quvchi o‘qishyapti. 45 daqiqa dars davomida o‘qituvchi har bir bola uchun bir daqiqadan vaqt ajratmoqda. Bu ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatmaydimi? Hududda yana bitta yangi maktab qurish uchun yer maydoni ajratishda amaliy yordam kerak.

Mahalla fuqarosi Mamatqul Majidov hududdan oqib o‘tuvchi Obirahmat arig‘iga 7 yildan buyon suv kelmayotganligidan shikoyat qildi:

- 8-10 yillar avval mahalla ahli hovlisiga kartoshka, bodring, turli ko‘katlar ekar, mevali daraxtlarini sug‘orib, qo‘shimcha daromad olardi. 7 yildirki, Obirahmatdan suv kelmaydi. Sabab ariq-zovurlarimiz chiqindilar bilan to‘lgan va bekilib qolgan. Ilgari hashar qilib, zovurlarni tozalardik, ariqlarni qazardik. Hozir bu borada mahallaning boshi birikmayapti. O‘tgan yili faollar birlashib, hashar uyushtirgan holda ariq qazdik. Ammo bizdan oldingi mahallalar hududini tozalamaganligi tufayli suv kelmadi.

Uchrashuvda shuningdek, hudduda MTT qurish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, 3-shahar poliklinikasi filialini ta’mirlash bo‘yicha qator murojaatlar kelib tushdi.

Ko‘tarilgan muammolar yuzasidan deputatlar tegishli tashkilotlarga so‘rovlar yuboradigan bo‘ldi.

Baxtigul QARShIYeVA.