Deputatlar nega jim? Mahalla oqsoqollari-chi?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida Samarqand shahar hokimligi va mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhi shahardagi o‘ndan ortiq xonadonda noqonuniy ravishda tabiiy gazdan foydalanilgani, xavfsizlik qoidalarga zid ravishda gaz tortish nasoslari o‘rnatilganini aniqlagani haqida xabarlar tarqaldi.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi esa viloyatdagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida 2019 yilda 24 million 101 ming 102 metr kub hajmdagi tabiiy gaz limitdan ortiqcha olingani, 8 milliard 651 million so‘m miqdorida to‘lovlar kam hisoblangani haqida xabar tarqatdi.
Xo‘sh, shundan keyin nima bo‘ldi? Tegishli idoralar harakatga tushdi. Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslar, bilib turib qing‘ir ishga qo‘l urganlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanildi. Ayrim ishlar bo‘yicha harakatlar davom etmoqda.
Bu yaxshi, albatta. Ammo qachongacha har bir qonunbuzilish holatini mas’ul idoralar aniqlashi, chora ko‘rishini kutib o‘tiramiz? Qani sizu bizning fuqarolik pozitsiyamiz, jamiyatdagi, yon-atrofimizdagi voqea-hodisalarga munosabatimiz? Mahallada kim gazni turli vositalar yordamida tortib olayotgani yoki o‘g‘rincha foydalanayotganini qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y bilmaydimi? Nega, bu haqda tegishli idoralarga xabar bermaymiz yoki shunday kimsalarni mahallada muhokama qilmaymiz? Xalq vakili bo‘lgan deputatlar-chi? Bu masalalarni ko‘tarib chiqish uchun ularning “qo‘li uzun”, so‘zi salmoqli emasmi?
Afsuski, yuqoridagi holatlar ayon bo‘lganidan buyon ham o‘sha hududlar bo‘yicha deputat yoki oqsoqolning bu masalalarga munosabat bildirganini, bong urganini eshitmadik. Axir jamiyatdagi qonunbuzilish holatlariga qarshi kurashish, tartib-qoidalarga rioya etilishini ta’minlashning eng samarali usuli avvalo, jamoatchilik nazorati-ku! Bundan birinchi navbatda manfaatdor ham keng jamoatchilik emasmi?