Deputatlar va senatorlar “Senat raisi kubogi” uchun musobaqaga kirishdi
Samarqandda “Parlament o‘yinlari” sport musobaqasining viloyat bosqichiga start berildi.
Unda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, senatorlar va Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolaridan iborat jamoalar sportning minifutbol, voleybol, badminton va stol tennisi turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
- Musobaqa xalq vakillari sanalgan senatorlar, deputatlar va Yoshlar parlamenti a’zolarining ko‘pchilikka namuna ko‘rsatgan holda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi, - deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyat mudiri Sherali Yo‘ldoshev. - Ayni paytda uch bosqichdan iborat mazkur “Senat raisi kubogi” musobaqasining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tyapti. Unda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari a’zolaridan tashkil topgan jamoalar bellashmoqda. Minifutbol va voleybol jamoalarida 5 nafardan ishtirokchi va bir nafardan murabbiy, badminton va stol tennisi bo‘yicha esa bir nafardan ishtirokchi va bir nafardan murabbiy qatnashmoqda.
Musobaqaning ikkinchi hududiy bosqichi viloyat miqyosida birinchi o‘rinni egallagan jamoalar o‘rtasida o‘tkaziladi. Unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportsevarlar musobaqaning mintaqaviy bosqichida qatnashadi.
To‘lqin Siddiqov.