Deputatlik - qo‘l ko‘tarib tasdiqlash emas. Yoki, “Deputatlar sabab hokim qaroriga o‘zgartirish kiritildi”, deb eshitdingizmi?
Bugun demokratik prinsip va tamoyillar asosida chinakam fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan islohot va yangilanishlar sabab Parlament va mahalliy Kengashlar yangicha sharoit hamda uslubda faoliyat olib borayotir. Jumladan, xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi faoliyati misolida bu jarayonni kuzatish mumkin. Ya’ni, mahalliy Kengashning aksariyat deputatlari bugun olib borilayotgan islohotlar mohiyatini, Prezidentning talab va istaklarini tushunib, har bir sessiyada savollar, takliflar va tanqidiy fikrlari bilan faol qatnashmoqda.
Tan olish kerak, bunday ochiqlik, shaffoflik, so‘z erkinligi va demokratik prinsiplar Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan bog‘liq. Afsuski, hali hanuz o‘z haq-huqlari, mas’uliyat va majburiyatlarini to‘liq anglamagan, nomigagina qo‘l ko‘taradigan deputatlar qatori mahalliy Kengashlar faolligini, ularning vakolatlaridan keng foydalanish imkoniyatlarini xushlamaydigan ayrim tashkilot va davlat organlari rahbarlari ham bor.
Deputatlik maqomi o‘zgarmoqda. Biroq...
Davlatimiz rahbari joriy yilda Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida “Yangi Parlament va hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi - O‘zbekistonda yashayotgan ko‘p millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat bo‘lishi shart”, degan vazifani qo‘ydi. Xo‘sh, hamma deputat, senatorlar xalq farovonligi, ertangi yorug‘ kelajagi, baxtli hayoti uchun o‘z mas’uliyatini biladimi? Haq-huquqlaridan to‘liq foydalana olyaptimi?
Gap shundaki, yuqoridagi savollarning javobi deputatlik maqomi bilan belgilanadi. Deputatlik maqomining nima ekanligi va uning qanday vazifalari, huquq hamda majburiyatlari mavjudligi qonun hujjatlarida aniq belgilangan bo‘lsa-da, aksariyat kishilar, “deputatlar tasdiqlash, qo‘l ko‘tarish, uzundan uzun hisobotlarni eshitishdan nariga o‘tolmaydi”, degan noto‘g‘ri fikrlarga boradi. Hatto o‘zimga ham “siz deputat bo‘lib, nimani qoyillatdingiz”, deb savol berishadi. Bu savol ohangidan deputatga nisbatan ishonchsizlik borligini sezish mumkin.
To‘g‘ri, keyingi vaqtlarda bunday kayfiyat ancha kamaymoqda, aholi muammolari va takliflari bilan deputatlarga murojaat qilyapti, talablarini bildiryapti. Masalaning nozik tomoni esa o‘sha murojaat, talab va takliflarning ijobiy hal etilishida. Ana shunga qarab deputatga ishonch ko‘rsatkichi aniqlanadi.
Nima uchun deputatga ishonch susayadi?
Savolning javobi oddiy – qachonki, deputat xalq kutgan natijani berolmasa. Ya’ni, saylovchilarining ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqadigan murojaat, talab va takliflari ro‘yobga chiqmasa, ijobiy hal etilmasa, muammolarga o‘z vaqtida yechim topilmasa, xalq noibiga ishonch kamayadi. To‘g‘ri, bunday holatda faqat deputatni ayblab bo‘lmaydi. Chunki saylovchi ko‘tarayotgan masalani ijobiy hal etishga ijro etuvchi hokimiyat hamisha qodir emas. Masalan, biz xalq vakili sifatida shahardagi mahallalarning birida aholi bilan uchrashuv o‘tkazdik. Ular bir masalani qo‘yib, “shu muammoni hal qilib bersangiz, sizdan minnatdor bo‘lamiz, keyin sizga ishonamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz...”, deyishdi. Afsuski, ular ko‘targan masalani biz deputatlik so‘rovi jo‘natib ham hal etolmaymiz. Bu imkonsiz. Natija nima bo‘ladi? Nolga tenglashadi. Xo‘sh, nima qilish kerak?
Birinchidan, deputatlik vakolatini aholiga ko‘proq tushuntirish kerak. Ikkinchidan, qaysi masala qay darajada hal bo‘lishini uqtirish lozim. Ya’ni, xalqning siyosiy faolligi barobarida siyosiy saviyasini ham oshirish zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, xalq va uning vakillari o‘rtasida to‘g‘ri talab va taklif qonuniyati amal qilishi muhim.
Inkor etmayman, faqat qo‘l ko‘tarib, muhokamalarga qo‘shilmasdan, “sizniki ma’qul”, deb ijro etuvchi hokimiyat organiga maddohlik kayfiyatida bo‘lgan deputatlar ham yo‘q emas. Aynan shularning “sharofati” bilan ham deputatlarga bo‘lgan ishonch susayadi. O‘ylaymanki, bugungi ijtimoiy-siyosiy islohotlar davomida bu kabi “qo‘l ko‘targich kishilar” o‘z o‘rinlarini haqiqiy vatanparvar, el dardi bilan yashaydigan, tashabbuskor va bilimli shaxslarga bo‘shatib berishadi.
Ishonchni oqlash uchun...muruvvatdan ko‘ra, muhabbat muhim!
Aslida muhabbati bor shaxsda muruvvat ham bo‘ladi. Biroq ko‘pincha muruvvat orqali muhabbatini, sadoqatini namoyon etish holatlari kuzatilmoqda. Chunonchi, xalqning ishonchini oqlab e’tiboriga tushish uchun ayrim deputatlar muruvvat ko‘rsatish, saxovatpeshalikni ixtiyor etishyapti. Bunga hech qanday e’tiroz yo‘q. Agar bu holat xolis bo‘lsa, imijini ko‘tarish, ish qilayotganini ko‘rsatish, kimlargadir yoqish uchungina bo‘lmasa.
OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan quyidagi sarlavhalar fikrimiz isbotidir: “Deputat 70 nafar oilani uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan ta’minladi”, “Deputat 110 ta xonadonning qarzdorligini bo‘yniga oldi”, “Uysiz qolgan fuqaro deputat yordami bilan boshpanali bo‘ldi”, “Deputat shifokorlarga ko‘maklashmoqda”, “Deputat 230 ta ehtiyojmand oilaga ko‘mak berdi”, “Deputat qariyb mingta oilaga bepul un tarqatdi”, “Deputat ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga uy qurib beradigan bo‘ldi” va hokazo.
Afsuski, mahalliy Kengash deputatlari misolida “Deputatlar hisobotni qabul qilishmadi”, “Deputatlar sabab qarorga o‘zgartirish kiritildi”, “Deputatlar adolat tiklanishiga sababchi bo‘ldi” kabi sarlavhalarni deyarli o‘qimaymiz. Nima uchun? Chunki yangilanayotgan O‘zbekistonimiz parlament tizimida, umuman, barcha sohada ochiqlik va shaffoflik uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan bo‘lsa-da, mahalliy Kengashlarning aksariyat deputatlari o‘zlarida erkinlikni cheklayotgandek tuyuladi. Yana o‘sha savol: nima uchun?
Uyquni qochirib, sergaklashtirayotgan mahalliy Kengashlar...
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 24-moddasida ko‘rsatilgan xalq deputatlari Kengashining vakolatlari doirasida deputatlardagi ijro hokimiyatini nazorat qiluvchi vakolatlarini birma-bir tahlil etsak, bu borada ayrim masalalar ochiq qolayotgani, ba’zi bir vakolatlar majburiyat sifatida keltirilganini anglash mumkin. Masalan: Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining asosiy vakolatlari: “...hokimning taqdimiga binoan, hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasi va uni qurish qoidalarini tasdiqlash” haqidagi norma mavjud. Mabodo o‘zgartirish kiritish, rad etish (hokimning taqdimiga nisbatan) holati yuzaga kelsa-chi? Mazkur qonunning keyingi bandlarida: “hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimdan ozod etish, ularning faoliyatiga doir hisobotlarini, shuningdek hokimlarning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlarini tinglash” qoidasi belgilangan.
Aslida, ijro etuvchi organlarining mahalliy Kengash oldida hisobot berishi, tan olish kerak, chinakam demokratik tamoyilning amal qilishini bildiradi. Biroq hisobotning haqqoniyligi, ishonchlilik darajasi, uni qabul qilish yo qilmaslik kabi masalalar nazarimizda ochiq qolgan.
Yana takrorlayman, mahalliy Kengashlar ancha faollashmoqda, ko‘pchilikni “uyg‘otib”, ancha sergaklashtirmoqda ham. Yaqinda shahar Kengashi sessiyasida bir qancha masalalar bo‘yicha hisobotlar tinglandi, qarorlar muhokama uchun oldindan taqdim etildi. Ayrim deputatlar fikr-mulohazalarini bildirishdi, biroq vaziyat va natija o‘zgargani yo‘q - hisobot ham berildi, qaror ham qabul qilindi...
Menimcha, Prezidentimiz ham bu borada Samarqand o‘ziga xos maktab yaratishi kerak, namunali Kengash bo‘lishi lozim, degan masalani behudaga qo‘ymagan.
Agar mahalliy Kengash yig‘inlari va sessiyalarida ochiqlik, shaffoflik va siyosiy faollikni kuchaytirishni istasak, albatta bu jarayonlar onlayn rejimda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilishi lozim. Bahonada ko‘pchilik rahbarlarimiz va xalq noiblarining siyosiy saviya va bilim darajalari oydinlashardi. Bu borada Oliy Majlis senati zo‘r namuna ko‘rsatyapti. Parlamentning vakolatlari kengaytirilib, uning zimmasiga yuklatilgan vazifalar qay darajada bajarilayotganini, Oliy Majlis Senati faoliyati sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini hamma kuzatib, o‘z bahosini bermoqda.
...Faqat hokim javobgar emas
Fuqarolik jamiyati asoslaridan biri xalq irodasi bo‘lsa, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy-ruhiy holatga faqat hokim javobgar yoki mas’ul emas. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mohiyatini chaqsak, viloyat, tuman va shaharlardagi muammo va masalalarda mahalliy hokimlik rahbariyati qatori xalq noiblari, ya’ni hudud aholisining xohish-irodasi bilan saylangan deputatlar ham bunga mas’ul. Shunday ekan, bu borada muvozanat muhim rol o‘ynaydi. Faqat hokim qaror qilgan, ko‘rsatma bergan, rejalashtirgan masalalarni ko‘rish, qarorlarini qabul qilish emas, deputatlar ilgari surgan, e’tiroz bildirayotgan, taklif etayotgan masalalar amalda ham e’tiborga olinishi kerak.
To‘g‘ri, bu borada birmuncha ijobiy o‘zgarishlar bor, ammo muammolar ham talaygina. Masalan, yaqinda bir deputat shahar hokimining qurilish, sanoat bo‘yicha o‘rinbosariga murojaat qilayotganiga guvoh bo‘ldim: “Iltimos, men saylangan okrugning yo‘llarini ta’mirlashni rejaga kiritsangiz, ta’mirlab bersalaringiz. Aholi oldida ham sal yuzimiz yorug‘ bo‘lardi..”.
Mana, muammo qayerda! Gap shundaki, deputatlar istaymizmi-yo‘qmi ko‘pgina masalalarda hali-hanuz ijro etuvchi hokimiyatning “og‘ziga qarab qolgan”. Bu holatni bartaraf etish uchun bosqichli islohotlar zarur. Ya’ni, to hokim Kengash raisi sifatida saqlanar ekan, deputatlarimizning chinakam mustaqilligi va erikinligiga erisha olmaymiz.
Hokimning Kengash raisi maqomini bekor qilish jarayoni boshlanishi uchun ham choralar ko‘rilmoqda. Albatta, bu tizimga zinama-zina, tajriba va ko‘nikmalarni shakllantirish, sharoitlarni o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq. Ya’ni, ko‘riladigan choralar, qabul qilinadigan qaror va ishlab chiqiladigan qonunlar amalda o‘zini to‘liq namoyon etib, aholi ongida “hokim” va “deputat” tushunchalari yangilanishi kerak. Ana shunda amaliy natijalarga erishamiz. Tizim shunday shakllangan bo‘lishi kerakki, boshqaruv to‘liq hokim zimmasida bo‘lsa-da, nazorat mahalliy Kengash zimmasida turishi lozim.
Agar hokimning deputatlarga raislik qilish vakolatini bekor qilsak, Kengash raisi saylansa, fuqarolik jamiyati rivojlanishining yangi bosqichiga o‘tamiz. Qolaversa, hududiy rahbarlar o‘zgargani bilan strategik vazifalar, maqsadlar o‘zgarmaydi.
O‘zbekiston yangi marralar sari oldinga ildamlamoqda. Tarix zarvaraqlarida bu yillar O‘zbekistondagi yangi uyg‘onish davri sifatida ham yozilajak. Buning uchun esa har birimiz fuqarolik pozitsiyamizda qat’iy turib, bilimimiz, mehnatimiz, jasorat va sadoqatimiz bilan xalqparvar, Vatanparvar shaxs sifatida xalqning dardi va yurt ravnaqi tashvishi bilan yashashimiz kerak.
Bahodir RAHMONOV,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori, xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati.