«Dinamo» ham «Turon» va «Andijon» singari byudjetdan pul olayotgani yo‘q». PFL direktori «Dinamo»ni e’tirof etib, Turdimovga minnatdorchilik bildirdi

O‘zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev telegramdagi kanalida Samarqandning «Dinamo» klubi faoliyatini e’tirof etdi.
PFL rahbari ko‘hna shaharliklarning kamtarona byudjet bilan Superligaga chiqa olganini e’tirof etib, klubdagi tartibli ish tizimi uchun Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va klub homiysi «Agromir Buildings»ga minnatdorchilik bildirdi, deya xabar bermoqda klub matbuot xizmati.

«2021 yilda minimum xarajat bilan maksimal natija qayd eta olgan klub sifatida «Dinamo»ni tan olishimiz to‘g‘ri bo‘ladi. Ular isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymadi, IMHO.

Aytaylik, «Dinamo» yil davomida qarzdorlik masalasi bilan umuman o‘ralashgani yo‘q va barcha masalasini tartib bilan olib bordi. Smetasi katta bo‘lmasa ham, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga erishdi. Bizdagi ma’lumotga ko‘ra, yil avvalida klub sarmoyadorlari bunday smeta bilan Superliga yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishiga ishonmagan. Ammo yakunda klub o‘zi taqdim etgan rejani amalga oshira oldi va sarmoyadorlar hurmatiga sazovor bo‘ldi. Bu biz uchun o‘ta ahamiyatli. Ya’ni, futbolga pul berayotgan tomonda futbolga nisbatan ishonch bo‘lishi juda muhim.

«Samarqand Dinamo» klubi "de yure" viloyat jamoasi bo‘lsa-da, "de fakto" xususiy sektor tomonidan moliyalashtiriladi. Ya’ni, klub ta’sischilari va boshqa masalalarni inobatga olmasa, bu jamoa ham «Turon» va «Andijon» singari byudjetdan pul olayotgani yo‘q. Viloyat hokimi o‘z intervyularidan birida bu masalaga to‘xtalib o‘tgandi.

Jamoaning asosiy muammosi — o‘z stadioniga ega emasligi. Ishonamizki, yaqin kelajakda bu masala ham hal etiladi. Futbol stadioni birinchi navbatda futbol va undan keyin boshqa yo‘nalishlarga xizmat qilishi, shuningdek, futbol stadioniga futbol klubi egalik qilishi katta ahamiyat kasb etadi. Biz shunday sharoitda ham 2021 yilgi mavsumda Samarqandda 2 ta katta futbol uchrashuvini yaxshi saviyada o‘tkazishga erishdik. Qo‘shimchasiga, «Dinamo» stadioni projektorlari talabga javob beradigan ko‘rinishga keltirilgan va klub homiylari futbol maktabi maydonini ham rekonstruksiya qilinyapti.

Jamoaning bugungi yo‘nalishi uchun viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va «Agromir Buildings»’ga minnatdorchilik bildiramiz», - deya yozadi PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev.