Dori vositalari savdosi: Odamlar nima deydi, mutasaddilar-chi?
Bugun aholi o‘rtasida, ijtimoiy tarmoqlarda dori-darmon masalasi, narxlarning asossiz oshib ketayotganligi, zarur dori vositalarining yetishmasligi asosiy mavzuga aylangan. Xo‘sh, buni mutasaddilar qanday izohlaydi?
Abdug‘ani SAIDOV, Samarqand viloyat monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i:
- Mamlakatimizda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari hamda tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, ijtimoiy dorixonalarda 10 foizgacha ustama narx belgilanadi.
Noqonuniy sotilayotgan preparatlar ishlab chiqaruvchilarning haqiqiy dori vositalari bo‘lishi ham mumkin. Biroq ular O‘zbekistonga amaldagi qonunchilikka rioya etilmagan holda, nazorat organlarining majburiy tekshiruvlarisiz olib o‘tilgan dorilardir. Ya’ni, sifatsiz dori vositalari maxsus jihozlangan transport o‘rniga oddiy qutilar va sumkalar, yuk mashinalari yoki avtobus bo‘lmalarida aylanma yo‘llar bilan olib o‘tilgan yoki olib kirilgan bo‘ladi. Demak, preparatlar turli texnikalar, qurilish materiallari, meva-sabzavot mahsulotlari bilan yonma-yon holda, oddiy sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinmagan holda tashiladi.
Dorini sotib olishdan oldin farmatsevt, imkon qadar shifokor bilan maslahatlashish lozim. Eng muhimi, dorixona xodimidan preparat sertifikati yoki uni sotib olganlik to‘g‘risidagi chekni ko‘rsatishini talab qilish kerak. Bu fuqaroning huquqidir. Agarda dorixona so‘ralgan hujjatlarni taqdim etmasa, tegishli tartibda nazorat qiluvchi idoralarga va boshqa dorixonaga murojaat qilgan ma’qul.
Muhammadjon RO‘ZMATOV, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i:
- Qalbaki va noqonuniy dori vositalari savdosining oldini olish borasidagi tadbirlar natijasida shu paytgacha 4 ta, jumladan, 3 ta jinoiy ish ochildi.
Bugungi kunda viloyatimizda 5 ta korxona dori vositalarini va 2 ta korxona tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish bilan, 55 ta korxona dori vositalari va tibbiy buyumlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanyapti.
Aholiga 660 ta xususiy dorixona va ularning 620 ta filiallari dori-darmon va tibbiy buyumlarni chakana sotish xizmatini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, tuman markazlari va uzoq hududlarda 221 ta asosiy dorixona va 195 ta dorixona filiallari faoliyat yurityapti.
Boshqarmamiz xodimlari tomonidan viloyatdagi chakana savdo dorixonalarida pandemiya davrida dori-darmon va tibbiy buyumlarning sun’iy tanqisligini yuzaga keltirmaslik, narxlar asossiz oshirilishi holatlarining oldini olish yuzasidan har bir dorixona rahbari va sotuvchisi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan taqdirda javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Anvar XIDIROV, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi Samarqand viloyat bo‘limi mas’uli:
- Aholi ayrim dori vositalarini an’anaviy dorixonlardan topa olmasa, ularning narxi yoki boshqa omillari tufayli ko‘pincha xususiy shaxslarga murojaat qiladi. Biroq, dori-darmonlarni qo‘ldan, jumladan veb-sahifalar, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi e’lonlar bo‘yicha xarid qilish tavsiya etilmaydi.
Negaki, bugungi kunda “Dori-darmon” AK tomonidan viloyatimizda 220 ta ijtimoiy dorixona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Pandemiya davrida 1 ta “ISUZU” va 11 ta “Damas” avtomashinalarida ko‘chma dorixonalar tashkil qilingan.
Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida koronavirusga chalingan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan 49 turdagi dori-darmonlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bundan tashqari, viloyat hokimi topshirig‘iga asosan har bir dorixonada “Covid-19” ga qarshi kurashish, profilaktikasi uchun maxsus burchaklar tashkil qilinmoqda. Tez orada mazkur burchaklar yetarli miqdordagi dori vositalari bilan ta’minlanadi.
Yo.GADOYeV tayyorladi.