Doxada Afg‘oniston bo‘yicha muzokaralar boshlanadi

"Qatar poytaxti Doxa shahrida «Tolibon» ishtirokida Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar bugun, 10 avgust kuni boshlanadi, - deya xabar beradi RIA Novostiga Afg‘oniston Tinchlik masalalari bo‘ycha vazirlikdagi manba. - Muzokaralar 3 kun davom etadi. Uchrashuvda radikal «Tolibon» vakillari ham qatnashadi".

Ma’lum qilinishicha, muzokaralarda Afg‘oniston hukumatidan Afg‘oniston milliy yarashtiruv yuqori kengashi rahbari Abdulla Abdulla, Afg‘oniston Milliy xavfsizlik boshqarmasining sobiq boshlig‘i Mas’um Stanekzay va Tinchlik masalalari bo‘yicha vazir Sayyod Sadat Mansur Naderi qatnashadi.

Afg‘onistonda hukumat kuchlari va «Tolibon» jangarilari o‘rtasidagi qarama-qarshilik bir necha yillardan beri davom etmoqda. «Tolibon» so‘nggi oylarda qishloq va chegaradosh muhim hududlarni egallab olib, yirik shaharlarga hujum uyushtirdi. Ziddiyat Amerika qo‘shinlarini olib chiqish fonida keskin ortmoqda.

«Tolibon» 6 avgust kuni Afg‘oniston janubi-g‘arbidagi Nimroz viloyati markazi Zaranj shahrini egallab olganini e’lon qildi. Zaranj 2016 yildan beri "Tolibon" qo‘liga o‘tgan Afg‘onistonning birinchi viloyat markazi bo‘ldi. Shundan so‘ng, ular Afg‘onistonning 34 viloyatining beshta ma’muriy markazlarini, jumladan, Tojikistonning eng yaqin chegara punktidan 60 kilometr uzoqlikdagi Qunduz shahrini egallaganliklarini e’lon qildi.

Bir qator G‘arb ommaviy axborot vositalari ma’lum qilishicha, Qunduz shahrining isyonchilar qo‘liga o‘tishi Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishida burilish nuqtasini anglatishi mumkin. Shu bilan birga, rasmiy Qobul Qunduz ustidan nazorat yo‘qolgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Lekin afg‘on harbiylari viloyatlardan birining ma’muriy markazi ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritgani haqida xabar berildi.