Dunyo mamlakatlarining bir-biriga juda o‘xshash bayroqlari

Davlat bayrog‘i mamlakatlarning muhim ramzlaridan biridir. Odamlar ko‘pincha bayroqlarni, ayniqsa, Jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlari kabi xalqaro sport musobaqalarida ko‘rib, qaysi bayroq qaysi davlatga tegishli ekanligini ayta oladi. Lekin ba’zida ikki yoki undan ortiq mamlakatlar bayroqlarining bir-biriga juda o‘xshashligi chalkashliklarni keltirib chiqishi mumkin.

Bugun turli darajadagi o‘xshashliklarga ega bayroqlar to‘plamini ko‘rib chiqamiz.

Chad va Ruminiya

Dunyoning boshqa hech bir davlat bayroqlari bir-biriga shunchalik mos kelmaydi. Bu davlat ramzlarining dizayni va o‘lchamlari deyarli bir xil va faqat diqqat bilan qaralsa, ko‘k, sariq va qizil vertikal tasmalardagi ranglar tusida tafovut seziladi. Ikkala  bayroq ham jamiyatning turli qatlamlaridan kelib chiqqan. Ruminiya bayrog‘idagi gorizontal chiziqlar 1861 yilda asoslangan bo‘lsa, Chad bayrog‘i birinchi marta 1959 yilda Fransiyadan mustaqillikka erishganidan keyin ko‘tarildi. Dastlabki dizaynida yashil chizig‘i bo‘lganida, u Mali bayrog‘iga juda o‘xshab ketgandi, shuning uchun yashil ko‘k rangga “bo‘yaldi”. Andorrada ham xuddi shunday bayroq bor, lekin u markazida joylashgan gerbi bilan ajralib turadi.

Senegal va Mali

Garchi ranglar ohangida ozgina tafovut mavjud bo‘lsa-da, bu ikki bayroqning o‘lchami bir xil va bazaviy yashil-sariq-qizil vertikal tasmali dizaynga ega. Bundan tashqari, Senagal bayrog‘i markaziy chizig‘ida yashil yulduz o‘rnatilgan. Gvineya bayrog‘ining ham ranglari shunday, faqat tasmalar teskari qizil-sariq-yashil tartibda joylashtirilgan.

 Yangi Zelandiya va Avstraliya

Ikkala bayroq ham Britaniyaning harbiy xizmatchi (praporshik) unvoni asosida yaratilgan va Janubiy Xoch yulduz turkumi yo‘nalishiga qaratilgan. Bayroqlar faqat bir necha jihatdan - Avstraliya bayrog‘ida beshta yetti qirrali va oltinchi kattaroq oq “Hamdo‘stlik” yulduzining qo‘shilishi, Yangi Zelandiya bayrog‘ida esa to‘rtta besh qirrali oq-qizil yulduz turkum dizayni bilan farqlanadi. Ushbu o‘xshashliklar tufayli Yangi Zelandiyaliklar o‘z bayrog‘ini o‘zgartirish haqida o‘ylashmoqda.

Norvegiya va Islandiya

Bu mamlakatlar bayrog‘ining dizayni bir xil, ammo ranglari teskari. Ikkalasidagi oq Skandinaviya xochi Daniya bayrog‘idan kelib chiqqan. Faqat Norvegiya bayrog‘ida oq chegarali ko‘k xochli qizil maydon, Islandiya bayrog‘ida esa oq chegarali qizil xochli ko‘k maydoni bor.

Iordaniya va Falastin

Ular deyarli bir xil, faqat Iordaniya bayrog‘i qizil uchburchak ustidagi yulduzi bilan farqlanadi. Shunga o‘xshash ranglar Yaqin Sharq davlatlarining ko‘plab boshqa bayroqlarida mavjud. Yashil, oq, qora va qizil ranglar Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda tarixan hukmronlik qilgan asosiy musulmon arab sulolalarining ranglarini ifodalaydi.

Venesuela, Ekvador va Kolumbiya

Sariq, ko‘k va qizil gorizontal tasmalarga ega bayroq 1822 yilda Buyuk Kolumbiya yangi davlati tomonidan qabul qilingan. Garchi bu davlat 1830 yilda parchalanib ketgan bo‘lsa-da, keyin Kolumbiya, Ekvador va Venesuela davlatlari bu ranglarni o‘z bayrog‘iga kiritdi. Kolumbiya va Ekvador kattaroq sariq tasmani saqlab qolgan, Venesuela bayrog‘ida esa bir xil o‘lchamdagi chiziqlar, Venesuela bayrog‘i markazida yulduzlar yoyi, yuqori burchagida milliy gerb tasvirlangan. Ekvador bayrog‘idagi mamlakat gerbi uning markazida joylashtirilgan.

Sloveniya, Rossiya va Slovakiya

Gorizontal chiziqli oq-ko‘k-qizil Rossiya bayrog‘i 17-asrning oxirida Gollandiya bayrog‘i andazasi asosida vujudga kelgan. Bu o‘z navbatida janubiy Yevropadagi ko‘plab boshqa mamlakatlar bayrog‘i dizaynini yaratishga ilhomlantirdi. Slovakiya va Sloveniya bayroqlari Rossiya bayrog‘idan asosan uzunligi va dizaynida o‘z mamlakati gerbini o‘z ichiga olganligi bilan ajralib turadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.