Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘ldi. Mahmud Abbos AQShga murojaat qildi. Qur’on tilovati musobaqasida ilk bor rossiyalik g‘alaba qozondi
🔻 Arab davlatlari rahbarlari va Eron prezidenti shanba kuni Ar-Riyodda Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti sammitida uchrashdi. Favqulodda qo‘shma yig‘ilishdan maqsad Isroil va HAMAS o‘rtasidagi G‘azo sektoridagi urushni zudlik bilan tugatish. Falastin prezidenti Mahmud Abbos Ar-Riyoddagi sammitda nutq so‘zlab, AQShni Isroilning Falastin hududlarini bosib olishini to‘xtatish uchun harakat qilishga chaqirdi.
🔻 Kecha G‘azoning asosiy kasalxonasi Al-Shifa zulmatga botdi. Oqibatda besh nafar bemor vafot etgan. JSST shifoxona bilan aloqani yo‘qotgan. Bir necha kundan beri shifoxona atrofida Isroil armiyasi va HAMAS jangarilari o‘rtasida shiddatli janglar davom etmoqda. SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, uch kun ichida 200 ming falastinlik bombalardan qutulish uchun G‘azo sektorining janubiga qochgan.
🔻 Olaf Shols dunyo tartibi xavf ostida, dedi Bundesver konferensiyasida. Germaniya hukumati keyingi o‘n yil ichida o‘z qurolli kuchlariga ko‘proq sarmoya kiritmoqchi.
🔻 Rossiyaning Ryazan oblasti temir yo‘llarida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda yuk poyezdining 19 ta vagoni relsdan chiqib ketgan. Jarohatlanganlar bor.
🔻 Iroq g‘arbida joylashgan Anbar viloyatidagi Amerikaning Ayn al-Assad bazasiga hujum uyushtirilgan. Hozircha yetkazilgan zarar va hujumni kim amalga oshirgani haqida ma’lumot yo‘q.
🔻 Moskva xalqaro Qur’on tilovati tanlovining 21 yillik tarixida ilk bor rossiyalik, Qozon shahrida yashovchi Ayomiddin Farxudinov g‘olib bo‘ldi.
🔻 AQSh harbiy-havo kuchlarining samolyoti o‘quv parvozi vaqtida O‘rta yer dengiziga qulab tushgan.
🔻 Islandiyada vulqon otilishi xavfi tufayli favqulodda holat e’lon qilindi. Oktyabr oxiridan beri yarimorolda jami 24 mingta zilzila qayd etilgan. Vulqon bir necha kun ichida otilishi taxmin qilinmoqda.