Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Isroil favqulodda hukumat tuzdi, Putin Qirg‘izistonga boradi...
🔻 Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroilning “Davlat lageri” muxolifat siyosiy bloki yetakchilaridan biri, Knesset (parlament) a’zosi Benni Gans ishtirokida mamlakatda favqulodda hukumat tuzilishini e’lon qildi.
🔻 Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligida ishlovchi to‘qqiz nafar xodim Isroilning G‘azo sektorini bombardimoni oqibatida halok bo‘lgan.
🔻 "HAMASning barcha jangarilari yo‘q qilinadi", deya xalqqa murojaat qildi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu. Siyosatchi, shuningdek, Isroil “bor kuch bilan, barcha jabhalarda hujumga o‘tdik”, deya ta’kidlagan.
🔻 Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on HAMAS guruhi bilan asirda bo‘lgan Isroil fuqarolarini ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlamoqchi.
🔻 Rossiyada Ukraina uchirgan dron parchalari Belgoroddagi turar-joy binosiga qulab tushgan. Ikki kishi halok bo‘lgan, keyinchalik vayronalar ostida chiqarib olingan bola ham halok bo‘lgan, og‘ir jarohatlanganlar bor.
🔻 Rossiya prezidenti Vladimir Putin 12 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Qirg‘izistonga boradi.
🔻 Zelenskiy "Digi24"ga bergan intervyusida Ukraina urushning oxirgi bosqichida ekanini aytdi. “Mojaroning tugash sanasini aniq ayta olmayman. Ammo bu urushning oxirgi qismi”, dedi siyosatchi.
🔻 Afg‘oniston zilzilasi qurbonlari 2 ming nafardan kam ekan. Bu haqda Afg‘oniston hukumati ma’lum qilgan. 2 mingdan emas, mingdan ortiq odam tabiiy ofat qurboni bo‘lgani aytilmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri buni chalkashlik bilan izohladi. 4 kundan beri odamlar ko‘chada yashamoqda.
🔻 Microsoft kompaniyasi AQSh Ichki daromad xizmatidan 2004 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrda 29 milliard dollarga yaqin soliqni to‘lamagani aniqlandi.
🔻 Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga 200 million dollarlik harbiy yordam paketini e’lon qildi.
🔻 Moskva birjasida dollar kursi sentyabr oxiridan buyon ilk bor 97 rubldan pastga tushdi.