Dunyodagi tushunib bo‘lmaydigan mo‘’jizalar
Dunyo shunchalik xilma-xilki, odam qanchalik uni o‘rgansa, shunchalik tabiat sirlaridan voqif bo‘lishni istaydi. Aytish kerakki, haqiqatan ham mo‘’jizalarga boy ulkan Yer sayyorasi sirlarga to‘lib-toshgan.
Siyohli ko‘l
Jazoirda oddiy suv o‘rniga siyohga o‘xshash modda mavjud bo‘lgan ko‘l bor. Turli xil kimyoviy tarkibga ega ikkita daryoning quyilish joyi bo‘lgan bu ko‘l deyarli o‘lik va suvlar aralashganda, moddalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir bunday siyoh ko‘lni keltirib chiqargan.
Ko‘lni to‘ldirib turgan siyoh mahalliy aholi tomonidan yozish, chizish va esdalik sovg‘alari yaratish uchun ishlatiladi. Eng tashabbuskorlari hatto ularni idishlarga yig‘ib, katta pulga sotishga ham ulgurishadi. Albatta, bunday suv havzasida suzish mumkin emas. Ko‘pgina jazoirliklar zaharli tuzilishi tufayli ko‘lni chetlab o‘tishga harakat qiladi, ularning qo‘rquvlari asossiz emas, chunki suv omborining kimyoviy tarkibi zaharli bug‘larni chiqaradi, ushbu noyob joy yaqinida uzoq vaqt turgan kishi jiddiy zaharlanishi mumkin. Ko‘lning kelib chiqishi haqida ko‘plab afsonalar yuradi: ba’zilar o‘zga sayyoraliklarning hiyla-nayranglari haqida gapirsa, boshqalari ko‘lni yo‘q bo‘lib ketgan sivilizatsiya qoldig‘i, deb biladi.
Boshsizlar vodiysi
Kanadaning Naxanni milliy bog‘i qo‘riqxonasida chuqur, xavfli kanyonlar, issiq buloqlar va yovvoyi daryolarga to‘la boshsizlar vodiysi bor. Juda go‘zal vodiyning dahshatli tarixi XIX asrda oltin qazib oluvchilar orasida oltinga ega boy voha haqidagi mish-mish tarqalganida boshlangan. Biroq, mahalliy aholi hamisha bu joydan uzoqroq yurishga harakat qilgan.
1898 yilda vodiyga oltin izlab ketgan oltita jasur oltin qazuvchi izsiz g‘oyib bo‘ldi. Biroz vaqt o‘tgach, politsiya ularning boshsiz skeletlarini topdi. 7 yil o‘tgach, 1905 yilda vodiyga ketib qaytib kelmagan aka-uka MakLeod va ularning do‘sti Robert Verening boshsiz jasadlari 3 yildan keyin topildi.
Vodiydagi oxirgi boshsiz qurbon 1990 yilda qayd etilgan. Hozirgi kungacha u yerda nima bo‘layotganini hech kim tushuntirib bera olmaydi.
“Muqaddas” ko‘li
Ushbu ko‘l Rossiyaning Ryazan viloyatida joylashgan va yumaloq shaklga ega. Hayratlanarli faktlardan biri shundaki, ko‘lda irmoqlar yo‘q, shu sababli turg‘un ko‘l har doim toza. Yana bir qiziq jihati, XIX asrgacha bu ko‘l hech qayerda tilga olinmagan va unda deyarli flora yo‘q.
Taxminan 15 metr chuqurlikda tadqiqotchilar qalinligi bir metrga teng bo‘lgan g‘ayritabiiy sovuq suv qatlamini aniqlashdi. Undagi harorat Selsiy bo‘yicha deyarli 0 darajaga yetadi. Hodisa hatto mutaxassislar orasida ham tushunarsiz bo‘lib qolmoqda, bu esa ko‘l ajibligini yanada oshiradi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.