Elektr energiyasi tarmoqlari sovuq kunlarda barqaror ishlaydimi?

Iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash shu kunning dolzarb masalalaridan biri. Sohada kuzatilayotgan ayrim savollar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Shu bois, ularga javob olish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali direktori Umid Nazarovga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

- Tizimda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini xavfsiz olib borish maqsadida qator hududlarda maqsadli o‘chirishlar amalga oshirildi, - deyiladi suhbat uchun yuborilgan savollarga berilgan javob xatida. -  Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning filiallari hamda energetika vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa va kanallari orqali kamida bir sutka oldin xabarlar e’lon qilib borilmoqda.

Respublikamizda ob-havoning haddan tashqari isib ketgani elektr energiyasini uzluksiz va yo‘qotishlarsiz yetkazib berishda qiyinchiliklar tug‘dirdi. Iste’molchilar tomonidan havoni sovutish uskunalaridan foydalanilishi natijasida elektr energiyasidan foydalanish bir necha bor oshdi. Oqibatda kabellar kuyib, transformatorlar ishdan chiqishi mumkin. Ushbu holatlar sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida iste’molchilar ogohlantirilgan holda rejali o‘chirishlar amalga oshirilmoqda.

- Iste’molchilarga ogohlantirishsiz uzilish oqibatida yetkazilgan zararni qoplab berish masalasi qay ahvolda?

- Hozirgi kunda viloyatimiz iste’molchilariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash hamda elektr energiyasi iste’moli limiti miqdorida elektr energiyasi yetkazib berilishi borasida barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra hududiy elektr tarmoqlari korxonalari elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’yektlarining rejali ta’mirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi mumkin bo‘lgan uzilishlar to‘g‘risida viloyatimiz iste’molchilarini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Samarqand hududiy filialining telegramm kanali hamda tuman va shahar hokimliklari rasmiy ijtimoiy sahifalarida e’lon qilinmoqda.

Joriy yilda avariya holatidan tashqari, iste’molchilarga ogohlantirishsiz uzilish oqibatida yetazilgan zararni qoplab berish bo‘yicha biror bir holat bo‘lmagan.

- O‘tgan qish mavsumida faqat shahar xalq qabulxonasining o‘ziga 300 dan ko‘proq elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq murojaatlar bo‘lgan. Bu galgi kuz-qish mavsumida bu raqam kamayadimi?

- O‘tgan yili qish mavsumida iste’molchilarning elektr energiyasiga talabi keskin oshishi kunlik elektr energiyasi iste’molining ham oshishiga olib keldi. Buning oqibatida ishlab turgan yuqori kuchlanishli ayrim elektr uzatish tarmoqlarining himoya qurilmalarida qisqa muddatli o‘chishlar takrorlanishi kuzatildi.

Joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

- Shu o‘rinda o‘tgan yili qish faslida viloyatdagi haftalab (balki undan ham ko‘p) “svet”siz qolgan mahallalarda bu hol takrorlanmasligi uchun 40 milliard so‘m mablag‘ zarurligi aytilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, hozircha bu mablag‘ manbasi aniq emas.

Demak, o‘sha hududlarda kunlar sovishi bilan yana o‘tgan yilgi muammolar takrorlanadimi?

- 2023-2024 yilning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha 35-110 kV kuchlanishli 13 ta transformator, 2941,2 kilometr 0,4-110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, 6-10/0,4 kV kuchlanishli 1174 ta transformator punktlari mukammal ta’mirlandi.

Shuningdek, 35-110 kV kuchlanishli 129 ta transformator, 7012,8 kilometr 0,4-110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, 6-10/0,4 kV kuchlanishli 2102 ta transformator punktlari joriy joriy ta’mirlandi.

Kuz-qish mavsumida favqulodda avariyalarni qisqa muddatlarda bartaraf etish uchun 36 ta tarmoq transformatori, 20,2 tonna transformator moyi, 75 ta temir-beton tayanch, 1 tonna sim, 5,9 kilometr kabel va 65 ta kabel muftalaridan iborat zaxira yaratiladi.

- Hisobotlarga tayanilsa, viloyatda to‘liq ASKUE (elektr energiyani hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimi)ga o‘tilgan. Ya’ni, abonent hisobidagi pul mablag‘i tugasa, u tarmoqdan avtomatik uzilib, to‘lov qilinsa avtomatik elektr uzatish yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Ammo ayrim iste’molchilarga elektr tarmoqlari xodimi qarzingiz bor ekan, deganligi haqida eshitib qolamiz. Va uni “yopib” berish uchun qo‘lga tushganlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar beriladi. Buni qanday izohlaysiz?

- Bugungi kunda viloyatda zamonaviy onlayn elektr hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lib, aholi iste’molchilarning hisobidagi pul mablag‘i tugasa masofaviy avtomatik tarzda o‘chiriladi. Ammo ulgurji iste’molchilar oyning oxirgi kunlarida DK “Elektrhisob” dasturida hisobot kiritilgandan so‘ng qarzdorlik aniqlangan taqdirda masofaviy o‘chiriladi. Ulgurji iste’molchilar tomonidan to‘lov amalga oshirilsa iste’molchi to‘lagan to‘lov pattasini tuman va shahar elektr ta’minot hisobchilariga taqdim qilgan taqdirda elektr hisoblagich masofaviy qo‘shib beriladi.

- Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi 2022 yil davomida 55 ta murojaatni o‘rganib iste’molchilarga qariyb 7 million so‘m noreal qarzdorlik hisoblanganini aniqlagan.

Inson omili aralashmaydi, deyilgan tizimda bunga qay tariqa yo‘l qo‘yilyapti?

Holat boshqalar bilan ham takrorlanmasligi uchun iste’molchi nimalarga e’tibor qilishi, nimalarni bilishi kerak?

- 2022 yil davomida qayta hisob-kitob qilingan iste’molchilarning elektr hisoblagichlari eski rusumli bo‘lganligi sababli ko‘rsatkichlari DK “Elektrhisob” dastur orasida farq yuzaga kelib qolgan.

ASKUE tizimiga mos elektr hisoblagich o‘rnatilgan iste’molchilarda inson omili aralashmaydi.

- MIB viloyat boshqarmasi 2022 yil yakuniga ko‘ra, elektr tarmoqlari korxonalari foydasiga 21,5 milliard so‘mlik 414 ta ijro hujjatlari mavjudligini bildirgan.

Bunday katta hajmdagi qarzdorlik yuzaga kelishida, tabiiyki, tizim xodimlarining ham o‘z “hissasi” bor. Iste’molchilar qarzdorligini kamaytirish, yanada ko‘payib ketmasligi uchun nima ishlar qilinyapti?

- Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarorining 70-bandiga muvofiq, qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilarni tarmoqdan o‘chirish ishlarini tashkil etish uchun viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan qo‘shma farmoyish ishlab chiqilib, tuman va shaharlar bo‘yicha Ishchi guruhlar tuzilib, hududlarda elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish va talon-toroj qilish holatlarini aniqlash qarzdor iste’molchilarni tarmoqdan uzish hamda undirish ishlarini tashkil etish uchun reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Bugungi kunda viloyat, tuman va shahar prokuraturalari orqali sud organlariga topshirilgan materiallar asosida joriy yil 1 avgustgacha MIB viloyat boshqarmasiga elektr tarmoqlari korxonalari foydasiga 40,9 milliard so‘mlik 521 ta ijro hujjatlari yuborilgan.

Bu borada tuman va shahar sektor rahbarlari ham amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

- Aslida bugun tizimda korrupsiya yo‘qolmayotgani, muammolar biri ikkinchisini yaratayotganining ham sabablari shu – shahar va tumanlarda ta’minot yo‘qligi, shu bilan birga tizimda xizmat qilayotganlarga to‘lanayotgan haq kam ekanligida emasmikan? Hududlarda ham ta’minot masalasini yo‘lga qo‘yish, xizmatchilar daromadlarini oshirish borasidagi ishlar va rejalar bilan o‘rtoqlashsangiz.

- Tizimda mehnat qiluvchi ishchi xodimlarning oylik ish haqlari 2017 yildan buyon bir necha bor oshirib kelinmoqda.

Elektr energiyasi tizimida korrupsion holatlarning oshish sabablaridan biri - iste’molchilarning huquqiy savodxonligi yetishmasligi, o‘z haq-huquqlarini bilmasligi hamda O‘zbekiston Respublikasida qonun ustuvor jazo muqarrarligi ishchi-xodimlarning ongiga yetib bormayotganligidadir.

Bu holatlarning oldini olish maqsadida “HET” AJ Samarqand hududiy filialida, tuman hamda shaharlar elektr ta’minoti korxonalarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va boshqa idoralar xodimlari bilan hamkorlikda tushuntirish va profilaktik tadbirlar tashkillashtirib borilmoqda.

- Tizimda ahvolni o‘nglash uchun salkam 150 milliard so‘m mablag‘ zarurligi aytilmoqda. Bu davlat rahbari imzolagan hujjat asosida qurilayotgan bitta shaharcha – Shirin massivi uchun sarflanadigan xarajatga teng.

Shundan kelib chiqilsa, elektr ta’minoti uchun respublikadan buncha mablag‘ ajratilishi dargumon. Agar shunday bo‘lsa, (ya’ni, respublika byudjetidan mablag‘ ajratilmasa, tabiiyki, ayni paytda viloyat mahalliy byudjetida bunga imkon yo‘q) holatni yaxshilash uchun boshqa variantlar bormi?

- “HET” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida, mavjud ob’yektlarni investitsiya dasturlari, respublika va viloyat byudjet mablag‘lari hisobidan kapital va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Qo‘shimcha ravishda viloyat hokimligi tomonidan 0,4-6-10 kV kuchlanishli tarmoqlar va transformator punktlarini modernizatsiya-rekonstruksiya qilish hamda yangilash maqsadida 16,4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada 100 ta aholi punktida elektr energiya ta’minoti yaxshilandi.

Bundan tashqari, tizimdagi ob’yektlarni ta’mirlash va yangi ob’yektlar qurishni moliyalashtirish uchun “HET” AJga mablag‘ ajratish to‘g‘risida chora-tadbirlar rejasi berildi.

- Keyingi vaqtlarda muqobil energiya manbalaridan (fotoelektrstansiya, quyosh panellari) foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Aytingchi, ayni paytda viloyatdagi kunlik (balki, oylik) iste’molning necha foizi muqobil manbalar hisobidan qoplanmoqda.

- Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi PQ-57-sonli qarori bajarilishini ta’minlash maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, viloyatimizdagi ijtimoiy soha tashkilotlarining 1074 ta inshoot va binolarida 787 ta 12,2 MVtli, tadbirkorlik sub’yektlarining 382 ta ob’yektlarida 3,3 MVtli hamda 3297 ta aholi xonadonlarida 3,6 MVtli quyosh panellari o‘rnatilib, qo‘shimcha 19,34 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati yaratildi.

Bundan tashqari, Nurobod tumanida 100 MVt li quyosh elektr stansiyasi ishga tushurilib, yil boshidan buyon 184,5 mln.kVt.soat hamda Toyloq tumanida 30 MVTli gidroelektrstansiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 15,2 mln.kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Mazkur qaror asosida Kattaqo‘rg‘on tumanida dastlabki bosqichda 100 MVt hamda Nurobod tumanida 100 MVt.li loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida kunduzgi vaqtda 300 MVt quyosh elektr stansiyasi orqali hamda “Shaudar” orqali 30 MVt elektr energiyasi yetkazib berilishi ta’minlanadi.

Yo.Marqayev suhbatlashdi.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.