Barcha iste’molchilar elektron hisoblagichning yangi tizimdan foydalanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 noyabrdagi "Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, aholi hamda ulgurji iste’molchilarning elektr energiya iste’molini nazorat qilish, hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi. Bu borada o‘tgan yili birgina Go‘zalkent qo‘rg‘onida mazkur tizimni ro‘yobga chiqarish uchun Yangiobod, Qorasuv, Qo‘shquduq, Paxtakor mahallalarida jadal ishlar olib borildi. Jumladan, 5,3 kilometrlik eski elektr simlari yangi, zamonaviy himoya qobig‘iga ega simlarga almashtirildi. Shuningdek, 4 ta transformator o‘rnatildi, 90 dona temirbeton tayanch keltirildi.
Hozirgi kunda Samarqand shahrida yangi elektr hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Hozirgacha Al-Buxoriy, Tong, Nodirabegim, Uvaysiy, Mash’al, Sug‘diyona mahallalaridagi barcha xonadonlarga yangi hisoblagichlar o‘rnatildi. Bugungi kunda Kaftarxona, Nayman, Terakzor, So‘zangaron, Sartepa mahallalari va Farhod shaharchasida bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Mazkur dastur "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati hamda Janubiy Koreyaning "KT Corporation" kompaniyasi bilan birgalikda hayotga tatbiq etilmoqda. Hozirga qadar 60 ming donadan ortiq yangi elektr hisoblagichlar olib kelingan. Qabul qilingan "Yo‘l xaritasi"ga asosan joriy yil yoz faslining boshlariga kelib, shahar hududidagi barcha iste’molchilar yangi tizimdan foydalanadi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra joriy etilayotgan yangi texnologiya energiya yetkazib berishda energoresurslarning texnik va tijoriy jihatdan isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bundan tashqari, hisob-kitoblarning ushbu billing tizimi elektr energiyasiga noqonuniy ulanishlarning oldini oladi, iste’molchilarga foydalanilgan energiya haqida aniq ma’lumotlar beradi. Kommunal to‘lovlardagi qarzdorliklarga mutlaqo chek qo‘yadi. Muhimi, nazorat qiluvchilarning buromadlarini qisqartiradi hamda elektr energiyasi behuda sarflanishini kamaytiradi.
"Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" tomonidan qisqa vaqt ichida 50 mingga yaqin iste’molchilar xonadoniga yangi zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish rejalashtirilgan.
Do‘stbek SULAYMONOV, majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi katta
inspektori.