Endi abituriyentlar uchun avvalgi yillardagidek rasm, papka, 086-ma’lumotnoma shart emas
Xabar qilinganidek, kecha ta’limga mas’ul rahbarlar bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda o‘zimni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldim, deb yozmoqda Xushnudbek. Xususan:
Qabul quyidagi 3 ta joyda bo‘ladi:
Davlat xizmatlari markazi (DXM) orqali — 5 ta OTM (TDYuU, QDU, FarDU, SamDU, GulDU);
My.gov.uz orqali — yuqoridagi 5 ta OTM;
OTMlarning o‘zida — qolgan OTMlar uchun.
Endi abituriyent hujjat topshirmaydi, balki original hujjatlarini ko‘rsatib, ro‘yxatdan o‘tadi va o‘zi bilan qaytarib olib ketadi;
Ro‘yxatdan o‘tish uchun quyidagilar kerak:
1) pasport (u yo‘q bo‘lsa, yoki 09-forma, yoki tug‘ilganlik guvohnomasi);
2) diplom yoki shahodatnoma (ilovasi bilan);
3) mabodo imtiyozi bo‘lsa, uni tasdiqlovchi hujjat.
OTMlar orqali ro‘yxatdan o‘tganda ham xuddi shu hujjatlar talab etiladi, avvalgi yillardagidek rasm, papka, 086-ma’lumotnoma shart emas;
DXM va portal orqali ro‘yxatdan o‘tiladigan 5 ta OTMning tartibi quydagicha:
- ushbu 5 ta OTM faqat birinchi OTM sifatida tanlanayotgandagina DXMga (portal) borish kerak. Masalan, abituriyent 1-FarDU; 2-TDTU; 3-FarPI ketma-ketligida topshirmoqchi bo‘lsa, DXMlarga boradi;
- agar ushbu 5 ta OTM 2 yoki 3-OTM sifatida tanlanayotgan bo‘lsa, unda DXMlarga emas, balki OTMlarga borish kerak. Masalan: 1- TDTU; 2-FarDU; 3-FarPI.
- bundan tashqari abituriyentlarga yengillik berish maqsadida, Yuridik universitetdan tashqari qolgan 4 ta OTMning o‘zida ham DXMdagi kabi qabullar bo‘ladi. Ya’ni masalan, GulDUni 1-OTM sifatida tanlamoqchi bo‘lganlar, xohlasa DXMga, xohlasa GulDUning o‘ziga borishi mumkin. Xuddi shu tartib FarDU, SamDU, QDU uchun ham amal qiladi.
OTMlardagi qabullar tartibi quyidagicha:
- istalgan OTM orqali boshqa joylarga hujjat topshirish mumkin. Buning uchun aynan o‘sha OTMning o‘ziga borish shart emas. Masalan, buxorolik abituriyent BuxDUga borib Toshkentdagi 3 ta OTMga: 1) TTA; 2) Pediatriya; 3) Farmatsevtika ko‘rinishida hujjat topshira oladi.
Yoki surxondaryolik abituriyent TerDUga borib 1) QarDU 2) SamDU 3) O‘zMU ko‘rinishida topshira oladi. Faqat bitta joyi - mabodo SamDU 1-OTM bo‘lsa, unda yuqorida aytganimizdek yoki tumandagi DXMga yoki SamDUning o‘ziga borish kerak;
Yodingizda bo‘lsa, ancha oldin magistraturaga faqat turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavar diplomiga egalar hujjat topshirishga oid cheklovni bekor qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgandim. Buni mutasaddilar ham tasdiqladi, joriy yildan ushbu tartib amal qiladi. Batafsil: t.me/xushnudbek/2003
To‘lovlar miqdori quyidagicha:
- joriy yilda bitirganlar - tekin;
- o‘tgan yillarda bitirganlar - 101 365 so‘m (portaldan topshirsa - 91 228 so‘m).
Boshqa hech qanday to‘lov yo‘q.