Endi bo‘r va lattadan foydalanmayapmiz
Qo‘shrabotlik yosh muallim Isomiddin Muzrabov Samarqand davlat universitetini tamomlab, o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan 2009-2010 o‘quv yilida maktab ta’limi tizimidagi sharoitlarni esga oldi.
Paxta yig‘im-terim mavsumidan keyin boshqalarga o‘rnak bo‘lgan holda ustozlik qilish uchun maktabga keldi. Ishga kirishishga bel bog‘lagan o‘qituvchining shashtini so‘ndiradigan to‘siqlar uchrayverdi. Kostyum-shimda ko‘chalarni obodonlashtirishga majbur bo‘ldi. Ba’zan o‘qituvchilik kasbini tanlaganidan afsuslandi ham.
- O‘quvchilarga tayinli dars o‘tolmaganimdan vijdonim qiynalib, qish kunlari qo‘shimcha to‘garaklar tashkil qilishga harakat qildim, - deydi I.Muzrabov. – Sababi, men ta’lim bergan o‘quvchilarning aksariyati oliy o‘quv yurtiga kirishini xohlardim. Ammo bu istagim ham ko‘p yillar amalga oshmay keldi. Chunki “shpargalka” va boshqa yo‘llar bilan o‘qishga kirayotgan yoshlardan bilimli abituriyentlarga o‘rin tegmasdi. Aksariyat iqtidorli shogirdlarimning qiziqishi birdaniga so‘nib, o‘qimishlilikdan mardikorlikni ustun bildi. Xorijga ishlashga ketdi.
Bugungi kunda shu kabi ko‘pgina muammolarga yechim topildi. O‘qituvchi faqat ta’lim berish bilan shug‘ullanyapti. Asosiysi, ular uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hatto chekka hududdagi maktablarda ham internet tarmog‘idan foydalanishning imkoni mavjud. Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanib, dars o‘tilyapti. Natijasi bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichining ortib borayotganida ko‘rinyapti.
- 2010 yilda bor-yo‘g‘i 2-3 nafargina shogirdim o‘qishga kirgandi, - deydi Isomiddin. - 2021-2022 o‘quv yilida men rahbarlik qilgan 11-sinfni 26 nafar bitiruvchi tamomladi. Ularning 13 nafari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirdi.
Keyingi yillarda yaratilgan qulayliklardan yana bir misol, shu paytgacha o‘qituvchimi, o‘quvchimi doskaga yozayotganda yoki yozuvni o‘chirayotganda top-toza kiyimiga dog‘ tegib qolishidan cho‘chib turardi. Endi esa bo‘r va lattadan foydalanmayapmiz. Maktabimizga elektron doskalar keltirilgan. Bunday imkoniyatlarning qadriga yetishimiz kerak.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).