Endi dafn etish uchun nafaqa Davlat byudjetidan ajratiladi

«Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–584-son, 14.11.2019 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qonun bilan 10 dan ortiq qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Jumladan, amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati quyidagi 2 ta faoliyat turi bilan to‘ldirildi:

- To‘lov tizimi operatorlarining faoliyati;

- To‘lov tashkilotlarining faoliyati.

Shuningdek, «Chiqindilar to‘g‘risida»gi Qonun utilizatsiya yig‘imini nazarda tutuvchi modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni transport vositalaridan hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish maqsadida utilizatsiya yig‘imi to‘lanadi.

Bundan tashqari, «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, vafot etgan shaxsni dafn etish uchun nafaqa endilikda Davlat byudjeti hisobidan beriladi.

Ilgari Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan berilgan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Qonunning to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatining litsenziyalanishiga oid qismi «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran amalga kiritiladi.

Utilizatsiya yig‘imi nazarda tutilgan normalar mazkur Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, amalga kiritiladi.