«Eng gullagan yoshlik chog‘lari» janggohlarda o‘tgan jasurlar

“G‘alaba”da yashaymiz

Qo‘shrabot tumani markazidagi ko‘chalardan biri “G‘alaba” deb nomlangan. Bu nom Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba bilan bog‘liq. Bolaligim shu ko‘chada o‘tgan. Yon qo‘shnimiz Jong‘aboy (Yangiboy) bobo mahalladagi bolalarni juda yaxshi ko‘rar edi. Biz u kishining hovlisidan chiqib, darvozasi yonidagi o‘rindiqqa kelib o‘tirishini deyarli har kuni poylardik. Bobo bizga urushda ko‘rgan-kechirganlarini gapirib berishi ertakdek edi. Xuddi qiziqarli kino ko‘rgandek bo‘lardik. Deyarli har kuni 10-15 daqiqa so‘zlab berib, qolganini ertaga eshitasizlar, der edi bobo.

Bir kuni fashistlar pulemyotidan sochilayotgan o‘qlarga ko‘ksini qalqon qilib, dushmanni chekinishga majbur qilgan do‘sti haqida so‘zlashni boshlaganda,  Jong‘aboy bobodek ko‘ksi medallarga to‘la, bolg‘alilik Adirboy bobo do‘stini yo‘qlab kelib qoldi va “qo‘y, shu urush davrini eslama”, deb gapini bo‘ldi.

Jong‘aboy boboning vafotigacha, undan keyin ham do‘stini xotirlab kelib turadigan Adirboy bobo keyingi paytda ko‘rinmay qoldi. Yaqinda u kishini yo‘qlab Bolg‘ali qishlog‘iga bordim...

Ukraina, urush, unutilmaydi!

Adirboy Xo‘janov 1925 yilda Qo‘shrabot tumanining Bolg‘ali qishlog‘ida tug‘ilgan. Endigina 17 yoshga to‘lganda harbiy xizmatga olindi. Eng gullagan yoshlik chog‘lari Ukrainada, Ikkinchi jahon urushining qonli jang maydonlarida o‘tdi. O‘limlarni dog‘da qoldirib, urush tugagach, qadrdon qishlog‘iga qaytdi.

1945 yilning kech kuzi. Qishloqda bitta non topish uchun ming bir mashaqqat kechish kerak bo‘lgan paytlar. A.Xo‘janov bu qiyinchiliklarni ham matonat bilan yengib o‘tishga harakat qildi, hamqishloqlariga yelkadosh bo‘ldi. Qurbonoy aya bilan turmush qurib, biri aravakashlik qilib xalqning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga hissa qo‘shgan bo‘lsa, ikkinchisi charx yigirib, to‘qimachilik bilan shug‘ullanadi va yaqinlari, qo‘ni qo‘shnilariga kiyim-kechak tikib berdi.

Urush haqida so‘ramang, yaxshisi gazeta o‘qib beraman!

Adirboy bobodan urush davri haqida so‘rasangiz xo‘rsinib qo‘yadi-da, boshini sarak-sarak qiladi.

– Mendan urush haqida so‘ramanglar, oti o‘chsin, eslashni istamayman, – deydi u ko‘ziga yosh olib. – Yonginamda qanchadan-qancha safdoshlarim jon bergan. Ularning barchasi tug‘ishgan aka-ukalarimdek qadrdonlarim edi. Janggohda yaralanib chekkan azoblarimdan ham og‘irroq dardni har bir xizmatdosh do‘stimdan ayrilganimda his qilar edim. Ey, qo‘yinglar, o‘sha kunlarni. Prezidentimiz bizni mukofotlash bo‘yicha yana farmon chiqaribdi, baraka topsin! Shu yangilikni eshitib o‘tirganimda tashqarida yomg‘ir tomchilay boshladi. Bu qishlog‘imizga, yurtimizga baraka yog‘ilayapti, degani. Dunyomiz tinch, rizqimiz butun bo‘lsin. Shu yomg‘irlar butun olam dardini yuvib ketsin.

Adirboy bobo 96 yoshni qarshilayotgan bo‘lsa-da gazeta va kitoblarni ko‘zoynaksiz o‘qiy oladi. 8 farzand, 50 nafardan ziyod nevara-chevaralar ardog‘ida yashab kelmoqda.

To‘lqin SIDDIQOV.