Eng muhim vazifa - jamiyat hayotida faol ishtirok etish
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat tashkilotining VI konferensiya yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlar munosabati bilan partiya tashkilotining ustuvor tashkiliy va siyosiy vazifalari belgilab olindi.
Bundan tashqari, konferensiya ishida partiya tashkilotlarining 2015-2019 yillarda saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlash borasida qilingan ishlar bo‘yicha hisobot berildi. Partiya dasturiy maqsadlarini keng aholi o‘rtasida targ‘ib etish, partiya azolari va xayrixohlari safini kengaytirish, deputatlar va boshlang‘ich partiya tashkilotlaridagi partiya faollari orqali amaliy ishlarni ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha muhim vazifalar ta’kidlandi.
Shuningdek, deputatlikka nomzodlarni tanlash va targ‘ibot-tashviqot ishlarida partiya azolarining faolligini oshirish, nomzodlarning saylovoldi dasturlarini puxta tayyorlash, nomzodlarning ishonchli vakillari, kuzatuvchilar va vakolatli vakillarini tanlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Joylarda qonun ustuvorligi ta’minlanishi xalqning ishonchli vakillari bo‘lgan deputatlarning ustuvor vazifasi qilib belgilangan. Ta’kidlanganidek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhining joylarda qarorlar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirishdagi mas’uliyati yanada ortmoqda. Shuningdek, partiyaning jamoatchilik qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar parlament va mahalliy Kengashlar deputatlar bilan hamkorlikda hal etilmoqda.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan partiya saylovoldi dasturiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha turli takliflar bildirildi. Partiyaning o‘tgan davrdagi faoliyatida tashabbuskorlik hamda fidoyilik ko‘rsatgan faollar va faxriylarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari orasidan partiyaning IX qurultoyiga delegatlar saylandi.
Partiya matbuot xizmati.