Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib Samarqandda ovoz berish kuniga qanday tayyorgarlik ko‘rilyapti
Respublika maxsus komissiyasi qabul qilgan qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga doir takliflar ma’qullandi. Bunda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishda ishtirokchilar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish, antiseptik vositalardan foydalanish kabi sanitariya-gigiyena va karantin talablariga rioya etish tavsiya etildi. Shuningdek, uchrashuvlarga taklif etilayotgan fuqarolarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganligiga e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy – saylov kuni-chi? Ovoz berish jarayoni qanday tashkil qilinadi? Albatta, pandemiya sharoitida ovoz berish saylovchilar uchun ortiqcha tashvish tug‘dirmaydi. O‘sha kuni saylov uchastkasiga tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etiladi, ular binoga, xususan, saylov uchastkasiga kirayotganlarning haroratini o‘lchab, qo‘lini antiseptik vositalar bilan zararsizlantiradi. Tana harorati 370Sdan yuqori hamda kasallik alomati bo‘lganlar tadbirga kiritilmaydi. Kasallik tarqalishi xavfining oldini olish maqsadida ovoz berish binolarida alohida izolyator xonalari tashkil etiladi. Izolyasiya qilish imkoniyati yo‘q hollarda va ovoz berish xonasi binoning kirish qismida bo‘lgan taqdirda ushbu saylovchi bino ichiga kiritilmaydi va uyiga qaytarib yuborilib, turgan joyida ovoz berishi tashkil qilinadi.
Agar saylovchi xohlasa ushbu qo‘shimcha binolarda (maxsus joylarda) maxsus ajratilgan ko‘chma ovoz berish qutisi yordamida ovoz berish imkoniyati berilishi kerak.
Shu bois, barcha yurtdoshlarimizdan, saylovchilardan vaksinatsiya tadbirlariga jiddiy e’tibor berishlarini so‘rash o‘rinli, deb bilaman. Albatta, vaksina olish – ixtiyoriy ish, ammo saylovchilar karantin talablariga binoan bir martalik himoya niqobini taqib, o‘zaro oraliq masofani saqlashlari talab etiladi.
Qayd etish lozim, saylov uchastkalari va ovoz berish kabinalari 24 oktyabrga qadar ham muntazam dezinfeksiya qilib turiladi. Bino va xonalarni qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish uchun, qoida tariqasida dezinfeksiya tadbirlari tungi vaqtda amalga oshiriladi.
Ovoz berish xonasida (joyda), shuningdek uning yonida koronavirus infeksiyasining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar yozilgan maxsus ma’lumot stendlari (eslatmalar) joylashtiriladi. Okrug va uchastka saylov komissiyalari saylov kampaniyasi uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘liq himoya va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlanadi.
Shunday bo‘lsa-da 7-Samarkand okrug saylov komissiyasi va barcha 1111 ta uchastka saylov komissiyalari a’zolari koronavirusga qarshi vaksina bilan emlandi. Saylov komissiyalari a’zolarini epidemiologik vaziyat tufayli PZR usuli bilan koronavirus infeksiyasiga tekshirish zarur bo‘lganda, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkaziladi va manfiy natija kayd etilganlari saylov kuni o‘z vazifalarini bajarishiga ruxsat beriladi.
Umuman, saylov kampaniyasining barcha tadbirlarini tashkil etishda ehtiyot choralarini ko‘rish, saylovchilar va saylov tashkilotchilarining salomatligini muhofaza qilish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Latif RUSTAMOV,
7-Samarqand okrug saylov komissiyasi a’zosi.