Er nimaga kerak yoki oilalarga darz yetkazayotgan “dars”
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayollarimizga oila sirlaridan saboq beruvchi psixologlar-u, treningchilar ko‘payib qoldi. Ammo ko‘p reklama bo‘layotgan, ayollarga o‘zini anglashida, oilaviy munosabatlar shakllantirishida go‘yoki “super natija” va’da qilayotgan bu psixologlarning nazariyasi to‘liq g‘arb tendensiyasiga asoslanganligi sezilib qolyapti.
Tarmoqlarda tarqalgan videolardan ham ma’lum bo‘lishicha, ular egoizmga asoslangan ilk darsidanoq tinglovchiga, avvalo, juftidan haqini ajratib olishni va faqat “men”ni, ya’ni o‘zini sevishni o‘rgatmoqda. Ba’zi ma’ruzachilar hattoki, “Er nimaga kerak?” deyishdan ham toymaganini ko‘rdik. Taajjub, bu chorlovlar sodda tinglovchilar tasavvurida oila va erga nisbatan fobiyani shakllantirib qo‘ymasmikan? Ular andoza olayotgan o‘sha jamiyatlarda o‘zi oila induksiyasiga qanday yondashadi? “Nikoh hislar panjarasi”, ”yoshligingda yashab qol(!)” tamoyillari asosida yashaydigan aksariyat so‘qqaboshlar, oqibat huvillagan uyda so‘loqmonday it bilan “oila” bo‘lib qolishi yoki kech kirishi bilan barda yig‘ilib tamaki tutatadigan shishadoshlardan o‘ziga “oila” yasab olishi odatiy hol.
Risoladagi oilalalarida ham eng nozik munosabatlar psixolog ko‘rsatmalari asosida shakllanadi, sal adovatga ish ochuvchi advokatlar doim shay. Ajrimlarda oila, farzandlar taqdiridan ko‘ra, mulk taqsimoti muhim o‘rin tutadi. Bu borada ayollar uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Hatto oilaviy ajrim jarayonlari ularga katta miqdorda daromad topishning oson yo‘liga aylanib qolgan. Bularning aksariyati o‘sha ichki “men”ni sevish va “erkinlik”ni davo qiluvchi psixologlarning ko‘rsatmalari oqibati emasmikan? Ba’zilarida oilaga nisbatan shakllangan fobiya shu darajaga borib qoldiki, ayrim “erksevar” erkaklar surrogat ona orqali farzand ko‘rayotgan bo‘lsa, yana shunday ayollar “eko muolaja” orqali farzand ko‘rib, “tinchgina yashash”ni ma’qul ko‘rib qolmoqda.
Xo‘sh, endi ayting-chi, bizga shunaqa individlar asosidagi jamiyat kerakmi? Istardikki, ba’zi “internet psixologlari” ham darslarida oilalarimizdagi kelishmovchiliklarni muolaja qilishda, o‘zimizning azaliy sadoqat, matonat, sabr va fidoyilikka asoslangan munosabatlarni targ‘ib qilishsa. Treningni noma’lum resurslar hisobiga emas, mentalitetimizga begona bo‘lmagan professional ta’lim asnosida tashkil etsa.
Bu borada oliygohlarimiz ham, psixologiya yo‘nalishlari asosini yaratishda odatiy an’anaviylikdan voz kechib, ixtisoslashuvni yo‘lga qo‘yishi, milliy ta’lim platformalarini yaratishi lozim. Aks holda dolzarblik va prestij talabi asosida, diplomli professional mutaxassislar qolib, qaysidir 6-7 oylik o‘quv kursini o‘tagan internet yulduzlari ayollarimizga «er nimaga kerak» deb, «oilaparvar»likdan saboq berishda davom etaveradi.
Shuhrat Normurodov.