Yer ostidagi "jannat"
Xitoyning Guansi provinsiyasidagi Les uezdida ulkan o‘ra topildi. Uning ichiga tushilsa, uch tomondan kiriladigan yo‘lagi bor g‘or mavjud. Janubiy Xitoyning tog‘li hududlarida bunday o‘ralar ko‘p.
Olimlar 200 metr chuqurlikdagi ana shunday o‘raga tushib, faqat fantastik filmlarda ko‘rsatiladigan manzaraga duch kelishdi. O‘ra Vetnam bilan chegara yaqinida son-sanoqsiz tepaliklar bag‘rida qorayib ko‘rinib turadi. Bu huddudda aviatsiya va kosmonavtika erasi boshlanishi sharofati bilan ana shunday o‘pirilgan ko‘plab o‘ralar aniqlanmoqda. Osmondan qaraganda ular suv quduqlarini eslatadi.
Xitoyda to‘laqonli tadqiqotlar 1980 yil o‘rtalarida boshlandi. O‘shanda olimlar arqonga osilib, o‘ra ichiga tushishni o‘rganishdi. Undan oldin bambukdan narvon yasab, savatda pastga osilib tushishgandi, bu qiyin va xatarli edi, albatta.
Xun Ing Vu boshliq olimlar arqonga osilib ushbu o‘raga tushishga muvaffaq bo‘ldilar. Aniqlanishicha, chuqurligi 200 metrdan kam emasdi. Shunisi hayratli ediki, o‘ra tubi keng bo‘lib, butun bir gullab-yashnagan olam yastangandi. Inson ko‘zidan yashiringan o‘ra tubidan yorug‘likka qarab bo‘y cho‘zgan ko‘p asrlik 40 metrlik daraxt yuksalib, pastda turli o‘simliklar qulf urib turardi. Olimlarning aytishicha, ular osongina sug‘oriladi va ko‘p o‘tmay o‘rnidan yangisi unib chiqadi. Tadqiqotchilar qaytishganida ortlarida hech qanday iz qolmagan, go‘yoki hech kim o‘tmaganday edi. Manzara afsonaviy jannat Bog‘i Eramini eslatadi.
Geologlarning tasavvuricha, o‘ralar 100 ming yillarcha ilgari Yerda neandertallar yashagan davrda hosil bo‘lgan. Ulkan o‘ralar bo‘lgan Guansi provinsiyasi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Yer ostidagi bu olamda Keniyada yovuz g‘ordagi singari odamlar ham, hayvonlar ham, o‘simliklar ham jabrlanmaydi.
Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.