Yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketgan Rif davlati haqida eshitganmisiz?

Bugungi kunda ayrim tarixchilardan mazkur respublikasining qayerda joylashganligi, uning taqdiri nima bilan tugaganligi haqida savol bersangiz, to‘g‘ri javob berolmasligi mumkin.

XIX asrga kelib Afrika qit’asida Ispaniya hukmronligi ostida qolgan hududlar qatorida Marokash ham bor edi. Uning tog‘li hududlari esa Fransiya va Ispaniya tomonidan ajratilgan bo‘lib, bo‘ysunmas Rif deb atalardi. Marokash sultoni fransuzlarga bo‘ysunsa, ispanlar hududida esa uning vassali yetakchi edi. Qadimdan berberlar kolonizatorlarga faol qarshilik qilib kelishgan. Shimoliy Marokashliklar ispanlarga qarshi bosh ko‘tarishdi. Ammo qo‘zg‘olon tezda bostirildi.

1920 yil boshida Ispan qirolining farmoni bilan Ispan Marokashiga gubernator etib tayinlangan general-mayor M.Silvestre o‘ziga tegishli hududlarni qattiq nazorat ostiga oldi. Aprel oyida ilohiy shahar hisoblangan Xayenni bosib olishdi. Aholini muntazam nazorat qilib turishi uchun qurilgan port-qal’alarga 140 ming kishilik ulkan qo‘shin kelib joylashdi. Ammo ular endigina armiyaga chaqirilgan, tajribasiz askarlar - na qurol ushlashni bilardi, na harbiy tayyorgarlikka ega edi. Mahalliy zodagonlar berberlardan 3 ming kishilik qo‘shin tuzib, qo‘zg‘olon ko‘targan rifliklarga kelib qo‘shildi. Shundan so‘ng ispanlar birin-ketin mag‘lubiyatga uchray boshladi. Marokashdan ajralib qolishdan qo‘rqqan qirol Ispan legionini tashkil etdi. Uning asosini ko‘p yillar davomida qon kechib tajriba orttirgan yollanma kallakesarlar tashkil etardi. Ular o‘zining shafqatsizligi bilan butun Afrika qit’asi halqlarini qo‘rquvga solib kelgan.

Bo‘ysunmas rifliklar qo‘zg‘olonini bostirish maqsadida 1921 yilda Ispaniya Afrika qit’asidagi urushlarda birinchi bor tanklarni ishlatishni boshlashdi. Shuningdek, ispanlar dengizda ham katta kuchga ega edi.

Ammo berberlar ham haqiqiy jangchilar sifatida tarixda qolishgan. Ularni sahroda, ochiq janglarda yengish juda qiyin. Abd al-Krim rahbarlik qilgan qo‘zg‘olonchilarning soni dastlab 3 ming, keyinchalik 7 mingga yetdi. Ammo ispanlarning ma’lumotiga ko‘ra, rifliklar soni 80 ming kishidan ortiq bo‘lgan. 1921 yilning iyun oyida ispanlar Monte-Txe shahriga yurish boshladi. Ammo rifliklar 5 ming kishilik ispan piyodalarini qirib tashladi, ularning qo‘mondoni esa halok bo‘ldi. Shuningdek, ispanlarga yordamga shoshgan general F.Navarroning 13 ming kishilik qo‘shini ham tor-mor etildi. General bilan birga 600 ta askar ham asirga olindi.

1921 yilning sentyabrida 12 ta berberlar qabilalari birlashib, Abd al-Krim boshchiligida markazlashgan Rif respublikasini tashkil etishdi. Shunday qilib kichik qo‘zg‘olon ona Vatan ozodligi uchun umumxalq kurashiga aylanib ketdi. Yagona qo‘mondonga bo‘ysunadigan 30 ming askardan iborat qo‘shin tuzildi.

Ispaniya qiroli sahrodagi mag‘lubiyatlardan ancha vaqt o‘ziga kelolmadi. O‘rta yer dengizida hukmronlik qilgan yengilmas ispan floti ham riflik dengizchilar tomonidan mag‘lubiyatga uchradi. Marokashdagi mag‘lubiyatlardan g‘azablangan qirol Ispan legioniga shafqatsiz F.Frankoni qo‘mondon (keyinchalik Ispaniya diktatori bo‘lgan) etib tayinladi. Shu vaqtda Ispaniyada sodir bo‘lgan harbiy to‘ntarishda mahalliy hukumat ag‘darib tashlandi.

O‘nlab janglarda zafar quchgan Rif qabilalari Konfederativ respublikasi rahbari Abd al-Krim endi o‘zini Marokash Sultoni, deb e’lon qildi. Ammo haqiqiy sulton Mulay Yusufga ham o‘z darajasini saqlab qolishga imkon berdi. Rifliklar yana ikki yil davomida ispanlarga qarshi kurashib, o‘nlab shahar va qishloqlarni ozod qildilar. Biroq 1924 yilning oxirida Ispan legioni Xayen shahrini rifliklardan tortib oldi.

Fransuzlar Ispan Marokashida bo‘layotgan g‘alayonlarni jimgina kuzatib turisholmasdi. Kuchli ispan armiyasining sahroyi qabilalardan mag‘lub bo‘lganini eshitib, ular ham bezovta bo‘lib qolishdi. Urush olovi fransuzlar qo‘li ostidagi hududlarga ham ko‘chib o‘tdi. Riflar fransuzlarga ham hujum qila boshlashdi. Ammo barchasiga tayyor turgan fransiyaliklar muvaffaqiyat bilan harakat qilib, qo‘zg‘olonchilarni to‘xtatishdi. O‘zlarini boshqa xalqlardan yuqori, deb hisoblagan yevropaliklar rifliklarga qarshi kimyoviy qurol qo‘llashdi. Ular shahar va qishloqlar ustidan samolyotlardan iprit, ya’ni ko‘zni achituvchi gaz tashlashdi. Nihoyat, 1925 yilda Alxusemas porti yaqinida fransuz va ispanlarning 300 000 kishilik qo‘shini, 150 ta jangovar samolyotlari yordamida rifliklarga qarshi hujumga o‘tishdi. Qo‘zg‘olonchilarning shiddatli qarshilik ko‘rsatishganiga qaramasdan, asosiy kuchlari batamom qirib tashlandi.

Urush Rif respublikasining qulashi bilan yakunlandi. Fransuzlar uning o‘limi omon qolgan rifliklar uchun yana qo‘zg‘olon ko‘tarilishiga olib kelishidan xavfsirab, Abd al-Krim Hind okeanida joylashgan Reyunon oroliga umrbod surgun qilishdi. Oradan 20 yil o‘tgach, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng unga siyosat bilan shug‘ullanmaslik sharti bilan Fransiyaga kelib yashashiga ruxsat berishdi. Ammo tinib-tinchimas sobiq sulton qirg‘oqqa yaqinlashganda o‘zini suvga tashlab qochishga, keyinchalik Misrga o‘tib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Shuncha azoblardan xalos bo‘lgan yetakchi 1963 yilgacha “Arab Mag‘ribi” ozodlik harakatini boshqardi. U xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan yagona musulmon davlatining rahbari sifatida tarixda qoldi.

Shiddatli o‘tgan janglarda arablar 10 ming askaridan ajralgan bo‘lsa, fransuz va ispanlarning 28 ming askari halok bo‘ldi. Bu urush birinchi marta yurt ozodligi uchun kurashga otlangan xalqning imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi. Arab xalqlarini koloniyaga aylantirish uchun boshlangan urush Ispaniyaning shafqatsiz qiroli Alfonsning 1931 yilda taxtdan ketishiga sabab bo‘ldi.

Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.