Erkin Turdimov: Odamlar konstitutsion huquqidan foydalanib, hayotiy ehtiyoji uchun murojaat qiladi

Bu murojaatlarga befarq qarashga hech kimning haqqi yo‘q. Avvalo har bir rahbar, mas’ul xodim o‘zini arz qiluvchining o‘rniga qo‘ya bilishi zarur. Chunki Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mamlakatning qudrati va ertangi kuni xalqning siyosatimizga, o‘zining kafolatlangan farovon turmushiga ishonchi bilan belgilanadi.

Ayrim rahbarlarning fuqarolar murojaati taqdirini o‘rinbosariga, o‘rinbosar esa bo‘lim boshlig‘iga, bo‘lim boshlig‘ining bu ishni yangidan kelgan xodim qo‘liga topshirishi, ijro natijasini so‘rab turmasligi bizni bu masalada yanada talabchanroq, qat’iyroq bo‘lishga undayapti.

Xususan, bugun yil davomidagi sayyor qabullar, Ishonch telefoni, telegram messenjeriga tushgan hamda “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida bildirilgan e’tiroz, arz va shikoyatlar ijrosini tahlil qilish chog‘ida ayrim rahbarlarimiz bu ishga mas’uliyatsizlik bilan yodashganini sezdim. Aks holda, ular “yana ikki kun muhlat bering”, “uch kunda hal qilaman”, “endi o‘zim shug‘ullanaman”, degan bahonalarni ro‘kach qilishmasdi. Vaholanki, tizimning muayyan yo‘nalishida mehnat intizomi va mas’uliyatni kuchaytirsa, yuzlab muammolar birato‘la hal bo‘lishi mumkin.

Rahbarlarda uchrayotgan yana bir illat - bu o‘z qo‘l ostidagi xodimlarni murojaatlarni o‘rganish va uni hal etishga puxta o‘rgatmaganligidir. Negaki, ular bitta muammo yechiminigina emas, balki ana shu muammo yana takrorlanishining ham oldini olishi zarur. Qolaversa, odam o‘z murojaatining e’tiborsiz qolmaganini, natijasini bilsin, ko‘ngli taskin topsin. Yechimi topilmasa, fuqaroga maslahat berish mumkin. Umuman, bu ishga jamoatchilik, deputatlar va OAV vakillarini jalb etish ham yaxshi samara beradi.

Xullas, aholi murojaatlariga e’tiborsizlik kechirilmaydi. Odamlar g‘am-tashvishi bilan yashash har bir rahbarning kundalik ishiga aylangan. Bizning faoliyatimizga odamlar ishonchi va duosidan boshqa bahoning mezoni yo‘q.