Eron va Latviyadan 200 nafardan ziyod yurtdoshlarimiz charter reys bilan O‘zbekistonga qaytdi

16 mart kuni Namangan xalqaro aeroportiga Erondan va Riga shahridan charter reys bilan uchgan Mudofaa vazirligiga qarashli yuk-transport samolyoti va “Uzbekistn Airways” MAKning zamonaviy layneri 15 daqiqa oraliq farqi bilan, ya’ni soat 21.45 va 22.00 da qo‘ndi.

Ularning bortida Eron (37 kishi) va Latviya (175 kishi) davlatlaridan olib kelingan jami 200 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarolari bor edi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Maxsus reyslar yo‘lovchilari viloyat hokimligi huzurida tuzilgan shtab, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sanitariya epidemiologiya nazorati markazi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi komissiyalari tomonidan koronavirus tarqalishi profilaktikasiga doir belgilangan chora-tadbirlar asosida kutib olindi.

Dastlab maxsus kiyim-boshlar bilan himoyalangan tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan yo‘lovchilar birma-bir dezinfeksiya qilinib keyin samolyotdan chiqarildi va ular avtobuslarda tibbiy nazorat karantinida saqlash uchun tayyorlab qo‘yilgan tibbiyot muassasalariga jo‘natildi.

– Eronga borgan edik, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashib, xalqaro aviaqatnovlar bekor qilinib, qolib ketdik, – deydi harbiy samolyotdan tushgan yo‘lovchilardan biri A.Akbarov. – Boshqa davlatlar ham o‘z chegaralarini yopib qo‘ydi. Biroq davlatimiz tomonidan bu masalada yana bir bor insonparvarlikning oliy namunasi namoyon etildi. Bizni qaytarib olib kelishdi. Shodlikda ham, tashvishda ham o‘z vataningda bo‘lganingga yetmaydi. Men o‘zim ham shifokorman, virus, bunday kasallik nimaligini juda yaxshi tushunaman. Shuning uchun bugun birga kelgan hamyurtlarimiz orasida koronavirus yuqtirganlar yo‘q deb o‘ylayman. Mana shu reysda kelganlar nomidan Prezidentimiz, Erondagi elchi va konsullarimiz hamda shu tadbirga aloqador barcha insonlardan behad minnatdorligimni bildiraman.

– Prezidentimizga katta rahmat aytmoqchiman, – deydi Erondan kelgan charter reys yo‘lovchilaridan yana biri G.Qosimova. – Tadbirkorlik sohasida shartnoma tuzgani borgan edik, qolib ketdik. Koronavirus vahimasi tobora kuchayib ketgani bois biznes ham ko‘zga ko‘rinmay qoldi. Lekin qani endi, Erondan chiqib keta olsak! Mana xudoga ming bor shukur, yurtimiz tuprog‘ida turibmiz. U yoqda ham qiynalganimiz yo‘q, elchixonalarimiz tomonidan biz uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Mo‘minovning so‘zlariga ko‘ra, Eron va Rigadan olib kelingan yurtdoshlarimiz To‘raqo‘rg‘on tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Kosonsoy sihatgohlaridagi maxsus tayyorlab qo‘yilgan joylarga yotqizilib, 14 kunlik karantin nazoratiga olinadi.