Etti bobosi baxshi o‘tgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li qishlog‘ida bir xonali maktab ochgan
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li 1868 yilda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Qo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning yetti ota-bobosigacha XVII-XIX asrlarning taniqli dostonchilar bo‘lgan.
Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ulkan shoir-dostonchi bo‘lib yetishuvida oilasi va qishlog‘idagi boy adabiy muhit katta rol o‘ynagan. Dostonchilik ta’limini otasi Jumanbulbuldan olgan.
1884-1886 yillarda u Buxoro madrasalaridan birida o‘qib, fors tilini o‘rgangan, arab tili bilan tanishgan, husnixat mashq qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Hofiz, Bedil, Mashrab, Mahtumquli asarlarini mutolaa etgan. Qishlog‘iga qaytib, mustaqil o‘qish, dostonchilikda mahoratini oshirish bilan shug‘ullangan, ma’lum muddat dehqonlardan kafsan yig‘uvchi bo‘lgan. 1887-1889 yillarda Buxoro amirligiga qarashli Nurota bekligining amlokdorlaridan biri Qo‘zibekka mirza (kotib) bo‘lib ishlagan.
O‘lkada boshlangan qahatchilik, chigirtka va vabo tarqalishi natijasida darbadarlikda hayot kechirgan. 1912-1922 yillarda Bulung‘ur, G‘allaorol, Urgut tumanlari, Jizzax va Panjakent atrofidagi qishloqlarda tabiblik, qissaxonlik, she’rxonlik qilib yurgan, ba’zan dostonlar kuylagan. 1923 yilda qishlog‘iga qaytgan. 1924 yil Qorakisa qishlog‘ida bir xonali maktab ochgan.
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li 1925 yil Samarqandga kelgan. 1926—1928 yillarda Bulung‘ur tumani Qirqshodi qishlog‘ida Po‘lkan shoir, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li bilan birgalikda yod bilgan dostonlarini yozdirish va o‘zi yozib qoldirish bilan shug‘ullangan. 1929-1936 yillarda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li o‘z qishlog‘ida, asosan, dehqonchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan, dostonchilikda shogirdlar yetishtirishni davom ettirgan. 1936 yilda Toshkentga kelib, 1937 yil apreligacha folklorshunos H.Zarifov uyida yashagan. 1937 yil aprel oxirlarida qishlog‘iga qaytib vafot etgan.
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li an’anaviy doston va termalarni kuylab kelish bilan birga o‘zi ham barakali ijod qilgan. Uning «Tarjimai hol» dostoni, «Keldim», «Toshkent ta’rifida», «Qizil», «Tursunoy», «Oxunboboyev», «G‘ozi Olim», «Otajon Hoshim», «Shoirlarga rahbar Hodi», «Eshon», «Asov qizlar», «Bir hafta xo‘p bo‘dsi yog‘in» kabi termalari e’tiborga molik.
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li haqida kitoblar nashr etildi, hujjatli film yaratildi. 1972 yil mayda shoir tug‘ilgan kunning 100 yilligi keng nishonlandi. Nurota tumani markazida unga byust o‘rnatildi. Qo‘rg‘on qishlog‘ida maqbarasi, haykali va uy-muzeyi bor. 2019 yilda ushbu majmua rekonstruksiya qilindi.