Farzandlarini maktabga yuborayotgan ota-onalar nimalarga e’tibor berishi kerak?
Ota-onalar, avvalo, farzandini maktabga yuborishdan oldin ularning sog‘ligiga va ruhiy holatiga, albatta, e’tibor berishlari kerak. Shu o‘rinda psixologlar tarafidan bunday uzoq karantindan chiqish uchun vaqt (kamida uch hafta) talab etilishini inobatga olib, sizdan bolaning hissiy holatiga e’tibor berishingiz so‘raladi.
Farzandingizda o‘tgan vaqt davomidagi o‘zlashtira olmagan bilimlariga yetib olishi uchun paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan stressni yengishga ko‘maklashish kerak. Karantin ta’tilidan keyin bola maktabda yomon baholar olishi mumkin. Bunday holatda unga tanbeh bermaslikka harakat qiling.
Doimiy tanbehlar sabab o‘g‘lingiz yoki qizingizning o‘ziga, kuchli tomonlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotishiga yo‘l qo‘ymang. Farzandingizning sog‘lig‘ini kuzatib boring va agar unda kasallik belgilari (yuqori tana harorati, hansirash, yo‘tal, hid va ta’m sezmaslik, qorinda og‘riq, ich ketishi) paydo bo‘lsa, uni ta’lim muassasasiga yubormang.
Shuningdek, farzandlaringizga quyidagi gigiyena qoidalarini o‘rgating:
- qo‘llarini sovun va toza suv bilan tez-tez yuvib turish;
- sovun va suv bo‘lmasa, qo‘llar uchun spirt asosidagi dezinfeksiya vositasidan foydalanish (spirt miqdori kamida 60 foiz bo‘lishi kerak);
- faqat toza ichimlik suvidan foydalanish;
- jamoat hojatxonalari hamda uy hojatxonalarining tozaligiga e’tibor berish va foydalanish tartibiga rioya qilishni;
- chiqindilarni xavfsiz hamda to‘g‘ri yig‘ish, saqlash va utilizatsiya qilish ko‘nikmalari;
- nafas olish gigiyenasiga rioya qilish: yo‘tal va aksirganda og‘iz-burunni mato yoki tirsak yordamida to‘sish;
- kaft bilan yuzga, ko‘zlarga, og‘iz va burunga tegmaslik.
Bundan tashqari, farzandlaringizning bir-biriga e’tiborli bo‘lishga o‘rgating, ular o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilikning oldini olish choralarini ko‘ring.
Ta’lim muassasasi ma’muriyati va pedagoglari bilan ma’lumot almashinish maqsadida doimiy muloqotda bo‘lib, maktab xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar bilan tanishib, qo‘llab-quvvatlashga harakat qiling.
Bu haqda Cog‘liqni saqlash vazirligining o‘quv-tarbiya muassasalari bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Inobat Ahmedova ma’lumot berdi.