FBR Tramp uyidan Eron va Xitoyga tegishli maxfiy hujjatlarni topgan
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp qarorgohidan Federal qidiruv byurosi (FBR) tomonidan qo‘lga kiritilgan maxfiy hujjatlarda Eron va Xitoyga oid ma’lumotlar bo‘lgan, deb xabar beradi Washington Post gazetasi manbalarga tayanib.
"Ba’zi maxfiy materiallar Eron va Xitoyga oid o‘ta nozik razvedka ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi", deb yozadi nashr. Kamida bitta maxfiy hujjat Tehronning raketa dasturiga, yana bir qanchasi Pekin haqidagi razvedka ma’lumotlariga taalluqli ekanligini ta’kidlaydi.
Agar ular kimningdir qo‘liga tushib qolsa, Qo‘shma Shtatlar tomonidan qo‘llaniladigan razvedka ma’lumotlar yig‘ishning maxfiy usullaridan tortib, boshqa mamlakatlardan yashirin "qasos olish" usullarini oshkor qilishi mumkin edi.
Federal qidiruv byurosi avgust oyi boshida Trampning Floridadagi Mar-a-Largo qarorgohiga rasmiy materiallardan noqonuniy foydalanish, o‘g‘irlash va yo‘q qilish ishi doirasida reyd o‘tkazdi. Keyinroq AQSH bosh prokurori tintuv o‘tkazish uchun sudga da’vo qo‘zg‘atishga shaxsan ruxsat berdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari minglab hujjatlarni, jumladan turli darajadagi maxfiy hujjatlarni oldi.