Federatsiya aralashuvidan keyin avtosalon "Gentra"ni o‘z xaridoriga yetkazdi

Qish boshlangandan buyon O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga gaz va elektr energiyasidan norozilik murojaatlari ko‘paygan. Ayni shu muammolar bilan bir qatorda, avtomashina olish uchun to‘lov qilib, so‘ngra o‘z vaqtida avtomobilini ololmayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan bildirilayotgan murojaatlarning soni ham ko‘paymoqda, deb xabar berdi Federatsiya axborot xizmati.

Navbatdagi ariza Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida yashovchi Xudoyberdi Mustafoyevdan bo‘lib, u Qarshi shahridagi “As-Qashqadaryo servis” xizmati tomonidan “Jentra” avtomashinasi uchun 115 million 679 ming 409 so‘m to‘lov qilib, shartnoma tuzgan.

Shartnomada keltirilgan muddatdan ancha vaqt o‘tib ketayotgan bo‘lsa-da, unga avtoulovi yetkazib berilmayotganligidan qattiq norozi bo‘lgan.

Ushbu vaziyat Qarshi shahar ijro etuvchi apparati xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgan. Fuqaroning qonuniy huquqlari avtosalon xodimlariga tushuntirilgan. Natijada qisqa fursatda Xudoyberdi Mustafoyevga “Gentra” avtomashinasi yetkazib berilgan.