Fermer iqtisodiy mustaqilmi?
Zarnews.uz saytida "Fermerlik harakati nima uchun o‘zini oqlamayapti?", degan savol bilan sayt foydalanuvchilari o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazgandik. So‘rovda qatnashganlarning 47 foizi fermerlar hali ham iqtisodiy mustaqil emas, degan javobni bergan bo‘lsa, 17 foiz, foydalanuvchi fermerlar orasida hali ham dehqonchilikni yaxshi tushunmaydiganlar bor, degan fikrda. Boshqa foydalanuvchilar mos ravishda mahsulot yetishtirishda yangicha usullar qo‘llanilmaydi (13 foiz), xo‘jaliklarda texnika yetishmaydi, ekinlarga vaqtida ishlov berilmaydi (12 foiz), fermerlarning yer, suv, texnika ishlatish, ekin yetishtirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmasi bugungi kun talabi darajasida emas (11 foiz) kabi javoblarga to‘xtalgan.
Xo‘sh, hozir ham fermerlik faoliyatida shuncha to‘siqlar mavjudmi? Bu haqda Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi rahbari A.Rahimov o‘z munosabatini bildirdi.
– Haqiqatda fermerlar orasida dehqonchilikni tushunmaydigan, turli yo‘llar bilan yerga ega bo‘lganlar ham bor edi, – dedi A.Rahimov. – Yaqinda o‘tkazilgan maqbullashtirishda bunday xo‘jaliklar faoliyatiga deyarli barham berildi. Xo‘jaliklarda texnika yetishmasligi, iqtisodiy mustaqil emasligi ham bor gap. Shu paytgacha ekinlarga vaqtida ishlov berilmasligi, yoqilg‘i yoki o‘g‘itning kechikishi, yetishmasligi kuzatilardi. Endilikda yoqilg‘i, mineral o‘g‘it bemalol sotiladi, mablag‘ni to‘lagan fermer xo‘jaligi kerakli o‘g‘itni oladi. Xo‘jaliklar hozir iqtisodiy erkinlikka ega bo‘lyapti. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklar o‘zi yetishtirgan mahsulotni o‘zi qayta ishlab, eksport qilishi, mablag‘ini ko‘paytirishi, texnika olishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Yangi innovatsion usullarga keladigan bo‘lsak, paxta maydonlarini sug‘orishda 2019-2020 yillarda 6 ming gektar maydon, xususan, 2019 yilda 3 ming 400 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish usullari qo‘llaniladi. Qolaversa, Yevropa davlatlaridan yangi turdagi mineral o‘g‘itlar, yerning tuproq unumdorligini oshiradigan preparatlar keltirilyapti. Endi fermerlar ko‘p tarmoqli xo‘jaliklarga aylanib, aholini ish bilan ta’minlashi, yangi ish o‘rinlari yaratishi, qayta ishlash va o‘z mahsulotini eksport qilish bilan shug‘ullanishi lozim.
O‘ktam XUDOYBERDIYEV.