Firibgar ayol makrlari: u qanday qilib sotuvchi ayollarni chuv tushirdi?
Feruza asli qashqadaryolik. Bir nafar farzandi bor. Oilasi bilan ajrashgan. Muqaddam bir necha marta sudlanib, tegishli jazolarga tortilgan. Xavfli retsidivist deb topilgan, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi.
Ammo bularga qaramay u yana “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” qabilida ish tutdi.
Bir kuni dugonasi Nigoranikiga bordi. Nigora Samarqand shahar Sattepo maskanida yashovchi opasinikiga tez-tez borib turadi. Ayni paytlar ham o‘sha yerda edi. Opasi Turkiyaga ishga ketgani bois uning bolalariga qarab turibdi.
Nigora dugonasining uyida qolishiga qarshilik ko‘rsatmadi. Ular bir yarim oy birga yashadi.
Bu vaqt oralig‘ida Feruza jim o‘tirmadi. O‘zini xursand qilish yo‘llarini izladi. Shu atrofdagi ko‘p qavatli uylarning birida kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanadigan Ziyoda ismli ayol bilan tanishdi. Uning uyiga tez-tez qatnab, ancha yaqinlashib qoldi. Bir kuni borganda “shu tovarlaringizni menga bering, tez orada sotib beraman. Qarindosh-urug‘, tanish-bilishlarga ko‘rsataman”, dedi. Ustasi farang ayol Ziyodaning ishonchiga kirdi. Ziyoda tovarlarining tezroq sotilishidan manfaatdor. Shu bois Feruzaning taklifiga rozi bo‘ldi.
- Sotish uchun kiyim-kechak topdim, ko‘tarishib kel, - dedi Nigoraga.
Feruza Ziyodanikidan jami 85.187.500 so‘mlik ayollar va bolalar kiyim-kechaklari, ayollar pardoz buyumlari, kumush hamda tilla taqinchoqlarni olib ketdi. Qo‘lga kiritilgan bu tovarlarni o‘zining qashqadaryolik tanishlariga sotdi. Pullarini esa o‘z ehtiyojlariga ishlatib yubordi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Feruza yana bir Farida ismli savdogar ayolni topdi. Uni ham xuddi Ziyoda kabi avradi. 9.490.00 so‘mlik kiyim-kechaklarni “sotib beraman”, deb aldab olib ketdi. Tovarlarni pulladi, lekin egasiga qaytarmadi.
Bir ayolning makri qirq tuyaga yuk bo‘larkan. Makrga boy Feruza yana Ziyodani yo‘qlab borib, avrashda davom etdi.
- Yaqinda jiyanimning to‘yi. Taqib turishga tillalaringizni berib turing. To‘y o‘tgandan qaytarib beraman, - dedi.
Ziyoda unga yana chuv tushdi. U ayoldan “Parlament” nomli tilla komplekt va yana bir dona uzuk jami bahosi 4.500.000 so‘mlik tilla buyumlarini olib ketdi. Ularni sotib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yubordi.
Firibgar ayoldan jabr ko‘rganlar tegishli joyga arz qilishdi. Feruzaning tarallabedod yurishlari barham topdi. U Ziyoda va Faridaga yetkazgan moddiy zararlarini to‘liq qoplab berdi. Sud jarayonida jabrlanganlar Feruzaga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan bo‘lsa-da, u qonun oldida javob beradi.
Sud hukmi bilan Feruzaga ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.