Firibgarlik nega ko‘paydi?

Bugungi kunga kelib firibgarlik jamiyatimizda nega ko‘paydi? Buning sababi qonunlarimizdagi bo‘shliqlarmi, tizimdagi kamchilikmi yoki aholining soddaligi, ya’ni huquqiy saviyaning pastligimi? Umuman, bu barham topishi mumkin bo‘lgan illatmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi savollar qizg‘in muhokama etilyapti. Chunki mamlakatdagi jinoyatlarning yarmi firibgarlik bilan bog‘liq ekani haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilingach, hamma tashvishga tushib qoldi. To‘g‘risi, tashvishga o‘rin bor. Qolaversa, aytilayotgan turli fikrlarga ham e’tiroz bildirib bo‘lmaydi. Nega?

Holatga sal yaqinroq nazar tashlaylik. Firibgarlik bugun paydo bo‘lgan emas, inson tug‘ilganidan boshlab unga shayton shaklida hamroh bo‘ladi. Boy, rivojlangan, madaniyatli yoki qoloq va rivojlanayotgan davlatlarda ham firibgarlar bor. Ehtimol, bundan keyin ham bo‘ladi.

Firibgar lug‘atlarda aldamchi, nayrangboz, makr qiluvchi, hiylagar tarzida ifodalanadi. Hiylagarlik tasodifiy holat emas, bundaylar har bir hiylani o‘ylab, puxta amalga oshiradi. Makr yo‘li bilan birovning mulkini qo‘lga kiritishga yoki shum maqsadiga erishishga intiladi.

Firibgarlik garchi, ikki kishi o‘rtasida bo‘lsa-da, jamiyat uchun xavfli. Chunki u odamlardagi ishonch tuyg‘usini yo‘qotadi, alamzadalikni keltirib chiqaradi. Shu sababli xayoliga firibgarlik keladigan shaxslarga alloma Abdurauf Fitratning quyidagi so‘zini aytmoqchiman: “Diyonat va nomus bir oilaning saodati va intizomi uchungina emas, balki bir mamlakatning saodati va barqarorligi uchun ham zarur va lozimdir”.

Esingizdami, sovet davrida uy almashishda firibgarlik avj olgandi. Go‘yo bir kishi (odatda ular boshqa millat vakili bo‘lardi) chet davlatga «ko‘chadi», o‘sha davlatdan bu yerga boshqa odam «ko‘chib keladi». Aslida uy-joy idorasi xodimi pul evaziga kimgadir kvartira olib beradi. Bunday o‘yinlar o‘zimizdagi shahar va tuman markazlari o‘rtasida ham amalga oshirilardi. Yoki, yolg‘ondan propiskaga qo‘yish orqali uy olib berish hiylasini eslang.

Sal keyinroq qizlar o‘zidan 30-40 yoshli erkak bilan nikohdan o‘tib, chet elga chiqishni o‘ylab topishdi. Ya’ni, «er-xotin» birga xorijga chiqadi va… boboy tushmagur va’da qilingan pulni olib, shu aeroportdan yana ortga qaytadi. O‘g‘lini chetdagi xususiy oliygohga qo‘yib, keyin uning nomidan o‘zimizda xorijiy korxona, qo‘shma korxona ochganlar qancha. Xorijiy investitsiya degani, o‘zimizning mablag‘ bo‘lib chiqdi.

Qishloq fuqarolar yig‘ini tugatilganiga qancha bo‘ldi? Bu mayli-ya, sovet davridagi qishloq soveti qarori bilan yaqin-yaqingacha fuqarolarga uy-joy rasmiylashtirganlarni ko‘rdik. Gap shundaki, huquqiy kuchga ega emas o‘sha qarorlarga o‘nlab yangi familiyalar tirkaldi, vaholanki, ular butunlay boshqa tumanlarda yashashgan.

Ko‘p o‘tmay Ahmadboy degan kishi qanchalab puldorlarni (bechoralarni emas) ko‘z o‘ngimizda chuv tushirdi. Nochorlarga moliyaviy saxovat ko‘rsatilganda muruvvat pulini internet orqali o‘g‘irlaydiganlar, plastik kartochkadan pulni bildirmasdan yechib oladiganlar paydo bo‘ldi. O‘zini o‘t o‘chirish xizmati xodimi, gaz, elektr idorasi nazoratchisiman, deb odamlardan pul yig‘ib ketganlarni aytib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Mashina olib beraman, o‘qishga kiritaman, chetga ishga yuboraman, deb sodda odamlarning pulini olib bermay yurganlar bor. Demoqchimanki, firibgar uchun zamon va sharoitning ahamiyati yo‘q. U har qanday vaziyatda o‘z hiylasiga yo‘l topadi.

Xo‘sh, unda bu toifa kishilardan qanday saqlanish mumkin?

To‘g‘ri, davlat barcha sohalarda tartib-intizom o‘rnatyapti. Byurokratik to‘siqlar barham topyapti, inson omili kamaymoqda. Shu bois firibgarlar asosiy hiylasini odamlar o‘rtasiga «ko‘chiryapti». Hatto o‘z qilmishi uchun jazo olib chiqqan firibgarlar ham yana shu jinoyatga qo‘l uryapti. Ularning aksariyati begona emas, yonimizda yurgan kishilar.

Shunday ekan, buning yo‘li bitta, o‘zaro munosabatlarda hushyorlikni unutmaylik, yetti o‘lchab bir kesaylik, huquqiy bilimimizni oshirib boraylik.

Farmon TOShEV.