Firibgarlik va “chuv” tushib qolish. Bu ikki holat ko‘payishiga nima sabab bo‘lmoqda?
Keyingi paytda firibgarlik jinoyati borgan sari ko‘payib bormoqda. Tabiiyki, undan jabrlanganlar soni ham kam emas. Qolaversa, taraqqiyot yuksalgani sari firibgarlikning yangidan yangi turlari ham qayd etilmoqda. Jumladan, endi kunda-kunora axborot texnologiyalari, internet orqali amalga oshirilayotgan firibgarliklar haqida eshityapmiz.
- Sizga pul o‘tkazamiz, deya plastik kartamning raqamlarini so‘rashdi, - deydi tanishlarimdan biri. - Oradan ko‘p o‘tmay undagi 10 million so‘mdan ko‘proq pul “yechib olingan”ini bilib qoldim. Shu paytning o‘zida bu haqda tegishli idoralarga xabar berdim. Biroq firibgar boshqa davlatda turib pullaringizni o‘zlashtirgan, chora ko‘rolmaymiz, deyishdi...
Umuman, bunday voqealar keyingi paytda yangilik bo‘lmay qoldi. “Chet elga ishga jo‘nataman”, “O‘qishga kiritib qo‘yaman” kabi aldovlar bilan odamlarning ishonchiga kirib, pullarini o‘zlashtirib yuborilganiga ham ko‘p guvoh bo‘lyapmiz.
Mol-mulkka tajovuz
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, “xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir”. Unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan ta’qib etiladi.
Bunday huquqbuzarliklar jinoyat qonunchiligiga ko‘ra quyidagi shakllarda farqlanadi: 1) bosqinchilik; 2) tovlamachilik; 3) talonchilik; 4) o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish; 5) firibgarlik; 6) o‘g‘irlik.
Ko‘rinib turganidek, firibgarlik — iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar jumlasiga kiradi. Jinoyat kodeksining 168-moddasida ushbu jinoyatga ta’rif berilgan. Unga ko‘ra, firibgarlik, aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritishdir.
- Sudlarda firibgarlikka oid jinoyat ishlarini ko‘rish amaliyoti tahlillaridan ma’lum bo‘lishicha, firibgar sodda va ishonuvchan odamlarni aldab, ularning ishonchini qozonadi, - deydi viloyat sudi raisi o‘rinbosari Tolib Boyzoqov. - Oqibatda jabrlanuvchi pul yoki mulkini qo‘li bilan unga beradi. Viloyatimizda ham bu turdagi jinoyatlar yil sayin ortib borayotgani xavotirli, albatta.
Statistika nima deydi?
IIB taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, firibgarlik jinoyati karrasiga ko‘payib bormoqda. Jumladan, 2020 yil yanvar-oktyabr oylarida viloyat bo‘yicha pul oldi-berdisi bilan bog‘liq 369 ta firibgarlik jinoyati ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2021 yilning mos davrida bu raqam 649 tani tashkil etgan.
Statistik ma’lumotlar bilan tanishar ekansiz, firibgarlik jinoyatining sodir etish uslublari ham diqqatni tortadi. Negaki, 2021 yilning 10 oyi davomida kompyuter texnologiyasi orqali sodir etilgan firibgarliklar (32) o‘tgan yilgi chet elga ishga jo‘natish bilan bog‘liq tovlamachilik (37) bilan qariyb tenglashgan. O‘qishga kiritishga doir aldovlar soni ham “o‘sish”dan to‘xtamayapti: 2020 yilda 20 ta, joriy yilda 56 ta.
Achinarlisi, joriy yilda 64 ta firibgarlik holati xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan. Shuningdek, 105 ta firibgarlikni ishlamaydigan shaxslar amalga oshirgan.
Ma’lumotlardan ba’zi shaxslar firibgarlikni “kasb qilib olgan”mikan, degan o‘yga tushadi odam. Chunki, joriy yilning o‘tgan davrida 82 holatda muqaddam sudlanganlar tomonidan firibgarlik jinoyatiga qo‘l urilgan. Boshqacha aytganda, «jazolanganlar» jazo muddatini o‘tab qaytgach eski “ishi”ni davom ettirgan.
Jinoyatga jazo bor
Albatta, firibgarlik jinoyatining salmog‘i ortib borayotgani bugun yoki o‘tgan yili boshlangan emas. Bu “tendensiya” ancha avval boshlangani uchun 2016 yil 26 dekabrdagi qonun bilan Jinoyat kodeksining 168-moddasidagi javobgarlik og‘irlashtirilgandi. Shuningdek, Oliy sud plenumining firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risidagi qarori yangidan ishlab chiqilib, qabul qilingan.
Aslida qayd qilingan modda to‘rt qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida bazaviy hisoblash miqdorining 50-100 baravari miqdorida jarima, 2 yilgacha axloq tuzatish yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Ikkinchi qismida ancha miqdorda, bir guruh shaxslar yoki kompyuter texnikasidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik uchun BHMning 100-300 baravarigacha jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Uchinchi qismida ko‘p miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik uchun 300-400 baravar jarima, 2-3 yil axloq tuzatish yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
To‘rtinchi qismida juda ko‘p miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik uchun 400-600 baravarigacha jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Ko‘rinib turibdiki, firibgarlikni sodir etgan (lar) qilmishiga yarasha jazo olishi aniq. Ammo firibgarlik jinoyati ortidan sarson bo‘layotgan jabrlanuvchilarning yo‘qotgan halovatini topib berishning imkoni, mexanizmi yo‘q. Xo‘sh, nima qilish kerak?
- Xalqimizda “Sinalmagan otning sirtidan o‘tma” degan naql bor, - deydi nuroniylardan biri. - Firibgar aldoviga uchib, pand yeb qolmaslik uchun duch kelgan odamga ishonib, mol-mulkni uning qo‘liga topshirish kerak emas. Aksincha, o‘ziga hushyor bo‘lish, har bir ishni qonun asosida bajarish lozim. Illo, “samimiy va sodda bo‘l, ammo go‘l bo‘lma”, degan gap ham borligini unutib bo‘lmaydi.
Aytilgan, ammo unutilgan qadriyat
Ming yillarki islom diniga amal qilib, shariat qonunlari asosida yashab kelayotgan xalqimiz orasida firibgarlik ko‘payib borayotgani zamirida o‘zligimizni unutib qo‘yayotganimiz sababmasmikan?! Negaki, aytishlaricha, buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriydan kelgan hadisda islom dini o‘n qismga bo‘linishi, uning to‘qqiztasi halol rizq topishdan iboratligi bayon qilingan ekan. Darhaqiqat, ulamolarning ma’lum qilishicha, dinimizning muhim amallaridan biri bo‘lgan besh vaqt namozni ado etish uchun sutkada bir soat kifoya qilarkan. Ya’ni, chin mo‘min kishining ham bir kunlik vaqtining juda katta qismi oddiyroq aytganda, rizq topishga sarflanarkan.
Qur’oni karimda «Mollaringizni o‘zaro oralaringizda botil yo‘l bilan yemanglar», deb buyurilgan. Imom-domlalarning aytishicha, botil yo‘lga barcha harom ishlar: aldov bilan tortib olish, o‘g‘rilik, qimor, ribo, sudxo‘rlik kirib ketadi. Bundan ko‘rinadiki, firibgarlar bo‘lmasligi, sodda, ishonuvchan kishilarning mulki talon-toroj qilinmasligi uchun jamiyatda halollik vaksinasi zarur. Azal qadriyatimiz bo‘lgan bu tushuncha keyingi yillarda e’tiqodimiz sustlashgani va boshqa sabablar bilan yoddan chiqdi. Shu sabab u yuqori minbardan ham tilga olindi.
Xususan, davlatimiz rahbari 2020 yilda yo‘llagan murojaatnomada korrupsiya illati haqida to‘xtalib, “Hech qanday jazo, hech qanday xavf buning oldini ololmagan. Buning yagona yo‘li – "halollik vaksinasi", deya ta’kidlagan edi. Shuningdek, bu vaksina bizda bor ekanligini qayd etgan: “Ochko‘zlikni, yebto‘ymaslikni faqat ma’rifat bilan yengish mumkin-da. Millatning yuzlab yillar davomida yiqqan bilimi, tajribasi, ma’naviy qadriyatlari, albatta, "halollik vaksinasi"ni paydo qilish uchun yetarli bo‘ladi”.
Savollar bisyor, javoblar esa ...
Balki, bizga shunday tuyulayotgandir, ammo davlat rahbari aytgan halollik vaksinasi murojaatnomadan ko‘p o‘tmay unutilgandek. Chunki, birinchidan, firibgarlik holatlari statistikasi “o‘sishdan” to‘xtamayapti.
Misol uchun, Oqdaryo tumani hokimligining sobiq xodimiga 7 yil qamoq jazosi tayinlandi. Nega? U xizmat vakolatiga kirmasa-da, boshqa fuqarolarga fermer xo‘jaligining 1 gektar yerini 50 ming dollar va 1 ta “Neksiya” avtomashinasi evaziga hujjatlashtirib bermoqchi bo‘lgan.
Bunday holatlarning tub ildizida kishilarning tez va oson boyish ilinji yotibdi. Afsuski, bunga jamiyatda har qadamda “rag‘bat”ni kuzatish, guvohi bo‘lish mumkin. Misol uchun, kundan-kunga ommalashib borayotgan yutuqli teleshoular, turli lotereya o‘yinlari chetdan qaraganda ko‘ngilochar dastur, oddiy ermak yoki mijoz jalb etishning bir yo‘li sifatida ko‘riladi. Ammo mohiyatan bularning bari aslida dinimizda taqiqlangan qimor o‘yinining o‘zi emasmi? Bular orqali o‘zganing hisobidan boyish - firibgarlik targ‘ib etilmayaptimi?
Albatta, intellektual yutuqli o‘yinlarni ular bilan solishtirib bo‘lmaydi. Inson bilimi, tafakkuri va fikrlashi orqali yutuqqa erishishini targ‘ib qilish, rag‘batlantirish kishilarni o‘z ustida ishlashga, sabr-toqat bilan ilm egallab, halol yo‘l bilan farovon hayotga intilishiga da’vat etadi.
Darvoqe, shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, firibgarlikdan jabr ko‘rganlarning qay biri bilan suhbatlashsangiz ularning barchasi mol yo mulkini qo‘shqo‘llab topshirganini aytadi. Ular, shuningdek, aksariyat hollarda maqsadga qanday bo‘lmasin erishishni istab shu ko‘yga tushadi. O‘ylab ko‘raylik – firibgarlik ko‘payishiga o‘zimiz ham sababchi bo‘lib qolmayapmizmi?
Yo.Marqayev.