Folbinning gapiga kirgan yigit xotinini azoblab, ajrashib ketdi
Ibrohim Usmonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan), garchi oliy ma’lumotli bo‘lsa-da, o‘zini madaniyatli inson, deb hisoblasa-da, qalbida nish urgan jaholat uni tuban kimsalar qatoriga qo‘shib qo‘yishi mumkinligini o‘ylab ko‘rganmikan?
U keyingi vaqtlarda negadir xotini Mahliyodan shubhalanadigan, uni asossiz rashk qiladigan bo‘lib qoldi. Har narsaning me’yori bo‘lgani yaxshi. Shu jumladan, rashkning ham. Shubha-gumonlar bois, uyidan urush-janjal arimay qoldi. Ro‘zg‘ordan baraka ko‘tarildi, deb yozmoqda “Urgut sadosi”.
O‘sha kuni bolalar to‘yga ketgan, uyda Ibrohim va Mahliyodan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Yigit yangi diydiyosini boshladi:
- Menga nima uchun xiyonat qilyapsan?
- Xiyonat qilmayapman, dadasi. Qayerdan olyapsiz bu gapni?
- Aldama! Men sen o‘ylaganchalik go‘l emasman!
Xullas, adi-badi aytishuvlar erkakning ojizaga qo‘l ko‘tarishi, xo‘rlash va qiynoqlar bilan davom etdi.
- Sen meni sharmanda qilding, bolalarimning kelajagini barbod qilding, bu uyda yashashga haqqing yo‘q!
Ibrohim shunday deya xotinini sudray boshladi. Keyin esa gumonlarini o‘zicha asosladi:
- Falonchi folbindan sen haqingda so‘radim. U sening yengiltakligingni aytdi. Sen unga ishonasan-ku, ixlos qilasan-ku!.. Mana, ovozini eshitib ko‘r!
Yigit folbinning Mahliyo haqida aytgan gaplarini (audio yozuvni) telefonidan qo‘yib berdi.
Ojizaning yig‘lab-siqtashlari kor qilmadi. Ibrohim uning oyoq-qo‘lini bog‘lab, ustidan qaynoq suv quyishdek shafqatsizlikkacha bordi. Imkoniyati bo‘la turib, xotinini shifoxonaga olib bormadi. Keyinroq Mahliyoning onasi va ukasi kelgach, uni shifoxonaga eltishdi.
Ajralishdan o‘zga chora qolmadi. Bir oila parokandalikka yuz tutdi...
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida mazkur jinoiy ishga huquqiy baho berildi. Ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib, ishni og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi barcha jihatlar ko‘rib chiqildi.
Sudning hukmi bilan I.Usmonov ozodlikdan mahrum etildi.
Jaholat insonni ne ko‘ylarga solishini mushohada etish shunchalar mushkulmi?..
Akmal Ahmadov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Urgut tuman sudi sudyasi.