Fransuz “kelin-kuyov”i Oqdaryoda

Oqdaryo tumani Go‘zalkent mahallasining bir xonadonida turizm maskani tashkil etilgan. Bu yerga turli mamlakatlardan mehmonlar kelib turadi. O‘tgan juma kuni milliy libosdagi oqdaryolik faol xotin-qizlar shu xonadonda yig‘ildi. Ular Fransiyadan kelgan mehmonlarga adras, atlaslarimiz,  turli xil do‘ppilar, to‘nlar, kelin ko‘ylaklari-yu rang-barang kashtalar haqida so‘zlab berdi.

- Bu xonadonda “Ibratli oila” ko‘krak nishoni egalari yashaydi, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Yulduz O‘roqova. – Bu hovli turizm maskaniga aylantirilib, turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar qabul qilinadi. Ularga milliy urf-odatlarimiz namoyish etiladi. Xorijliklar bu yerda qishloq hayoti, tandirda non yopilishi, o‘choqda osh pishirilishi kabi jarayonlar bilan yaqindan tanishadi.

Shuningdek, mahalla ayollari fransiyaliklarga chaqaloqni beshikka belash haqida ma’lumot berdi va alla aytdi. Bundan ruhlangan fransuzlar ham o‘zlarining tilida alla ijro etishga tushib ketdi.

- Bir necha kundan beri yurtingizda sayohat qilib yuribmiz, - deydi Joyel Pollet. – O‘zbeklarning mehmondo‘stligi, mehru oqibatini so‘z bilan ta’riflash qiyin. Ayniqsa, qishloq hayoti menga juda yoqdi. Milliy taomlarning tayyorlanishi, o‘zbek onalarining alla va laparlari bilan tanishdik.

Fransuzlar “Kelin salom” tadbirida ishtirok etdi, ular o‘zbek milliy kiyimlarida kelin-kuyov rolini ijro etishdi. Yor-yoru o‘lanlar aytilganda mahalla ayollariga jo‘r bo‘ldi, raqslarga tushdi. Bu jarayonlar mehmonlarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.

Dilnoza Ahmadova, To‘lqin Siddiqov, Baxtiyor Mustanov.