Frontda besh marta yaralangan Toshpo‘lat Jonuzoqov: urush men uchun 7 yil davom etgan

1941 yil. Urush boshlangan, hamma vatan himoyasi uchun otlangan kezlar edi. Payariq tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi Toshpo‘lat Jonuzoqov ham birinchilar qatori 1941 yil 14 may kuni frontga jo‘nadi. Urushda mardlik ko‘rsatib qo‘shinning oldingi saflarida bordi. Besh marta yaralansa ham Berlingacha bo‘lgan janglarda ishtirok etdi. Urush tugab hamma jonajon uyiga qaytsa ham Toshpo‘lat Jonuzoqovdan darak bo‘lmadi, shunda ko‘pchilik uni ...

- O‘shanda endigina 19 yoshga kirgandim, - xotirlaydi Toshpo‘lat bobo. – Yosh emasmizmi yerimizga kirgan dushmanni yengamiz, deb Berlingacha bo‘lgan janglarda qatnashdim. Og‘ir janglarda besh marotaba yaralandim, ota-onam, yaqinlarimni qanchalik sog‘ingan bo‘lsamda, dushmanni yengmaguncha uyga qaytishga shoshmadim. Germaniya shaharlarigacha jang qilib kirgan kunlarimizning birida radiodan biz g‘alaba qozonganimiz haqidagi xabarni eshitdik. G‘alabani Berlinda nishonladik. Urush tugagandan keyin ham bir necha yil uyga qaytolmadim. Nihoyat, 1948 yilda o‘zim tug‘ilib o‘sgan Eshonxo‘ja qishlog‘imga qaytib, jamoa xo‘jaligida suvchi, brigadir bo‘lib ishladim. O‘sha vaqtlari hayot avvalgidan-da og‘ir, har bir oilada yo‘qotish, bedarak ketgan otalar, farzandlar qayg‘usi yurakni tilka-pora qiladi. Sekin-astalik bilan hayot iziga tusha boshladi.

Ming shukrki, bugungi dorilomon kunlarga yetdik. Vatan himoyasi yo‘lidagi xizmatlarimiz unutilmasligi rost. Har yili davlatimiz rahbari sovg‘a beradi, salomatligimizni tiklashimiz uchun sharoit yaratiladi. Bu yil Prezidentimizning tabrigini viloyatimiz hokimining o‘zi kelib o‘qib berdi, sovg‘alar topshirdi. Shu e’zoz-hurmatlar tufayli bugun 97 yoshga kirdim, to‘rt o‘g‘il-qizni tarbiyaladim. Hozir 100 ga yaqin nevara-chevaram bor, ularning yig‘ilib kelishi hovlimizni to‘yxonaga aylantiradi. Ilohim, yurtimiz hamisha shunday to‘yxona, tinchlik maskani bo‘lib qolsin.

O‘z muxbirimiz.