Fuqarolarni 3 yildan buyon Isroilga ishga jo‘natishni va’da berib kelayotgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Samarqand tumanida yashovchi 28 yoshli M.Sh. Samarqand shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, shahardagi Sadriddin Ayniy mahallasida yashovchi 42 yoshli I.D.(ayol) uni Isroil davlatiga ishlashga yuborishini va’da qilib, 2019 yil noyabr oyidan 2021 yil yanvar oyiga qadar bo‘lib-bo‘lib, jami 14 100 AQSh dollarini olganligini bayon qilgan.
"Biroq, - deb yozgan u, - shu kunga qadar I.D. meni Isroil davlatiga yubormasdan, pullarimni qaytarib bermay aldab kelyapti. Shu sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishligingizni so‘rayman".
Bundan tashqari, Samarqand tumani Qo‘shmasjid mahallasida yashovchi 36 yoshli D.U. ariza bilan murojaat qilib, I.D. (ayol) uni ham Isroil davlatiga ishlashga yuborishini va’da qilib, 2019 yil dekabr oyidan 2020 yil yanvar oyiga qadar bo‘lib-bo‘lib, jami 10 000 AQSh dollarini olganligini, biroq shu kunga qadar uni aldab kelayotganligini yozib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Mazkur holatlar yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.