Futbol: "Dinamo" jamoasi tarkibi va murabbiylar shtabi tanishtirildi

Viloyat hokimiga 72-raqam topshirildi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Dinamo” jamoasining mavsumoldi taqdimoti va tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi, viloyat futbol assotsiatsiya prezidenti Adiz Boboyev, klub homiylari, mutasaddi rahbarlar, jamoa muxlislari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida viloyat rahbari jamoa a’zolarini yangi futbol mavsumi bilan tabriklab, futbolchilarga omad tiladi.
- Boshlanadigan mavsum g‘alabalarga boy bo‘lishi, yangi tarkib bilan barcha o‘yinlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish hamda Superligada yuqori o‘rinlarni egallash klub rahbariyati va futbolchilar oldidagi asosiy vazifa, - dedi A.Boboyev. - Buning uchun jamoaga barcha sharoitlarni yaratib beramiz, doim qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shundan so‘ng Vadim Abramov boshchiligidagi jamoaning yangi tarkibi, murabbiylar shtabi ommaga tanishtirildi va futbolchilarga liboslari tarqatildi. Shuningdek, viloyat rahbari Adiz Boboyevga 72-raqam topshirildi.
- Mavsumga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rdik, - dedi klub bosh murabbiyi Vadim Abramov. - Jamoaga 10 nafar mahalliy va 6 nafar legioner futbolchi jalb qilindi. Mavsum oldidan nazorat uchrashuvlarida asosiy e’tiborimizni futbolchilarga o‘yin amaliyoti berish va maydonda samarali harakat qilishga qaratdik. Buning natijasini rasmiy o‘yinlarda ko‘ramiz va doim g‘alaba uchun harakat qilamiz.
Eslatib o‘tamiz: Superliganing 1-turi doirasida "Dinamo" jamoasi safarda Namanganning "Navbahor" klubi bilan durang qayd etdi. Endi 15 mart kuni viloyatimiz jamoasi 2-turda "Mash’al"ga qarshi to‘p suradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.