Futbol festivali bahonasida OAV xodimlari Samarqand tumanidagi yangilik va o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldi

Xabar berganimizdek, kecha, 28 may kuni Samarqand tumanida tashkil etilgan ommaviy axborot vositalari, axborot xizmati xodimlari hamda blogerlar ishtirokidagi futbol festivali press-tur bilan boshlandi. Ishtirokchilar ikki guruhga bo‘linib, tumanning ayrim korxona va tashkilotlari faoliyati bilan tanishdi.

Birinchi guruhning ilk manzili Gulobod mahallasida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan "KAMELOT" maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi.

- Bu yerda mashg‘ulotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi, - deydi muassasa mas’uli Anjelika Islomova. - 150 o‘rinli bog‘chamizda 30 nafar xodim mehnat qilmoqda, shundan 15 nafari pedagog. Har bir pedagogimiz belgilangan talablar asosida saralab olingan. Ularning mahoratini oshirib borishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bog‘chada yaratilgan sharoit e’tirofga loyiq. E’tiborlisi, har bir xonaga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari ota-onalarga farzandi vaqtini qanday o‘tkazayotganligi, mashg‘ulotlar qanday tashkil etilayotganini ko‘rish imkonini beradi.

“Samrin Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyati qadoqlangan quruq mevalarni xorijga eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

Korxona ish yurituvchisi Abduvohid Husainovning aytishicha, bu yerda butun viloyatimizdan to‘plangan mevalar birlamchi qayta ishlovdan o‘tkazilib, qadoqlanadi. O‘tgan yili korxona Yevropa davlatlariga qiymati 7 milliard so‘mga teng bo‘lgan 5 ming tonnaga yaqin quruq meva eksport qilgan.

-  Ikki yildan buyon shu yerda ishlayman, - deydi urgutlik Durdona Umarova. - Oylik maoshim yomon emas, tushlik, ishga kelib-ketish uchun bepul transport tashkil qilingan. Ishim o‘zimga ma’qul. Asosiysi, rahbariyat bizni doim qo‘llab-quvatlab turadi. Bu yerda men kabi boshqa tumandan qatnab ishlayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Korxona bir joyda to‘xtab turgani yo‘q, uning faoliyatini kengaytirish ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, yaqin orada Urgut tumanida ham uning filialini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Tumanning yana bir istiqbolli yosh ishbilarmoni – Faxriddin Tojiyev o‘z xonadonida jalyuzi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, 20 nafar mahalla yoshlarini ish bilan ta’minlagan.

O‘rtashiq mahallasida joylashgan “Samarqand Nerj” mas’uliyati cheklangan jamiyatida zanglamaydigan metalldan turli buyumlar va dekorativ shakllar tayyorlanadi.

- Biz xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlaymiz, - deydi korxona rahbari Furqat Isayev. - Xodimlarimizning deyarli barchasi yoshlar, orasida talabalar ham bor. Ular darsdan bo‘sh vaqtida kelib ish o‘rganadi, mehnatiga yarasha haq ham oladi.

Furqat Isayevning ma’lum qilishicha, korxona faoliyatini kengaytirish uchun tijorat bankidan 2 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilishi kutilmoqda. Agar bu g‘oya amalga oshirilsa, yana 20 nafar yosh ish bilan ta’minlanadi.

Ikkinchi guruh dastlab tumanning Nayman mahallasida joylashgan ’’Samarqand poyabzal klass’’  O‘zbekiston Turkiya qo‘shma korxonasida bo‘ldi.

Tadbirkor Asqar Kamolov bundan 12 yil avval poyabzal ishlab chiqarish korxonasini tashkil qilgan. Olti kishi bilan ish boshlagan mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat oradan 2 yil o‘tib, qo‘shma korxonaga aylantirildi.

- Bugungi kunda korxonamizda 200 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi, - deydi Asqar Kamolov. - Korxonada 150 nafardan ortiq ishchi faoliyat yuritadi. Joriy yilning shu davriga qadar 60 ming dollarlik mahsulot xorijga eksport qildik. Yil oxirigacha yana Turkiya, Rossiya, Tojikiston va boshqa xorij mamlakatlariga 500 ming dollar mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ikkinchi guruh 4 xil rangdagi pomidor yetishtirayotgan yosh tadbirkor Otabek Umurov faoliyati bilan tanishdi. U 25 sotix maydondagi issiqxonalarda pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri yetishtiryapti. Tadbirkorning aytishicha,  qizil, qora, sariq va pushti rangdagi pomidorlarning xaridori ko‘p. Tadbirkor 20 ga yaqin tengdoshlarini ish bilan ta’minlagan.

Press-tur tumanning Xo‘ja Ahror Vali majmuasi Nodir Devonbegi madrasasidagi bayram tadbirlariga ulanib ketdi. Bu yerda tuman “Barkamol avlod” markazi o‘quvchilari, usta-hunarmand, ijodkor yoshlarning ishlanmalari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

- Shogirdlarim 6 yildan buyon respublika miqyosida o‘tkazilayotgan barcha tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda, - deydi yog‘och o‘ymakorligi ustasi Mansur Norov. - Ularning aksariyati mustaqil ish boshlab, o‘nlab tengdoshlarini ish bilan ta’minlagan. Bundan faxrlanaman. Bugungi ko‘rgazmada ham ko‘plab yoshlar hunarimizga qiziqish bildirdi. Ular orasidan ham mahoratli usta-hunarmandlar chiqishiga ishonaman.

Yaqinda Buxoroda bo‘lib o‘tgan xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Shavkat Zohidov viloyatimizning eng mahoratli zardo‘zlaridan biri hisoblanadi. U ham “Usta-shogird” an’analarini davom ettirib, tuman yoshlariga o‘z hunarining sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.

Ko‘rgazmada, shuningdek, robototexnika, resenart singari zamonaviy kasb ustalari ham o‘z ishlanmalari bilan ishtirok etib, barchaning qiziqishini o‘yg‘otdi.

Tadbirning badiiy qismini Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev ochib berdi. Ta’kidlanganidek, “Inson qadri uchun” shiori ostida o‘tkazilayotgan festivallar xalqimiz va eng asosiysi, yoshlarni oliy maqsad yo‘lida birlashtirishga xizmat qilmoqda. Samarqand tumanida tashkil etilgan tadbir ham shijoat va zavqning uyg‘unlashuviga misol bo‘ladi.

Xushovoz xonandalaru sozandalarning chiqishi tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Tadbir futbol festivali bilan davom etdi.

To‘lqin Siddiqov,

Asqar Barotov.