Galaktika sirlari yoxud quyosh eng katta yulduzmi?
Olam sir-sinoatlarga, ochilmagan jumboqlarga to‘la. Biz yashab turgan dunyomizdan tortib, samo va osmon jismlari ham insonlar tomonidan bilishga intilayotgan harakatlar qatoriga kiradi.
Xo‘sh, osmon jismlari, sayyoralar, yulduzlar haqida qanchalik bilimga egamiz? Dastavval, bizni o‘rab turgan hamda barcha jismlarni o‘z ichida mujassam qilgan galaktikaga to‘xtalib o‘tsak.
Galaktika - bu katta miqdordagi yulduzlar, gaz va changlardan iborat bo‘lgan, bir-biriga gravitatsiya kuchi bilab bog‘langan ulkan astronomik tuzilma hisoblanadi. Galaktikalar koinotdagi eng katta ob’yektlardan biri bo‘lib, unda minglab, milliardlab yulduzlar va boshqa kosmik jismlar mavjud. Koinotda galaktika yagona emas, balki bizga ma’lum bo‘lgan va bo‘lmagan boshqa yuzlab, balki minglab bizniki kabi galaktikalar mavjud. Ular orasida masofa juda katta bo‘lib, ularni o‘lchash uchun milliardlab yorug‘lik yillari kerak bo‘ladi. Hatto ular gravitatsiya natijasida bir-biriga yaqinlashishi yoki uzoqlashishi ham mumkin. Ko‘pgina olimlar bu kabi ma’lumotlarni o‘rganish uchun samoga kosmik kemalar yuboradi, sun’iy yo‘ldosh orqali osmon jismlari harakatini kuzata olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Gravitatsiya tortishish kuchi, osmon jismlari to‘qnashuvi sabab ko‘pchilik kosmik kemalar manzilga yetib bormasdan yo‘q bo‘lib ketadi, yetib boradiganlaridan to‘lqin orqali ma’lumot olish uchun esa kamida 3-4 yil vaqt o‘tadi. Bugungi kunda eng so‘nggi modeldagi kosmik teleskoplar yordamida olimlar galaktika kelib chiqish tarixi hamda uning rivojlanishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda. Bular qatorida yulduzlar ham chetda qolmaydi. Olimlar bizga bu bilimlar yetib kelguncha ancha izlanishlar olib borishgan.
Biz hozirgi kunda maktab darsliklari orqali o‘rganayotgan koinot haqidagi boshlang‘ich bilimlar olimlarning tadqiqotlari hisoblanadi. Ammo, bu hammasi emas. Yulduzlar to‘g‘risida biz bilmagan anchagina ma’lumotlar haligacha galaktikalararo o‘z ixtirochilarini kutib yotibdi.
Yulduzlar haqida gap ketar ekan, quyosh ham yulduzning bir turi ekanligini aytib o‘tishimiz kerak. U bizning tizimimizdagi markaziy yulduz va energiya manbai hisoblanadi. Quyosh ulkan ko‘rinishi va o‘ta yorug‘ligi sababli bizga juda katta yulduzdek tuyulishi mumkin, ammo u butun koinot miqyosida qaralganda unchalik ham katta emas. Hatto, quyoshdan ancha katta hajmdagi yulduzlarni biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ra olishimiz mumkin, lekin ular juda olisda bo‘lganliklari sababli mitti bo‘lib ko‘rinadi. Shularni hisobga olgan holda quyosh o‘rtacha kattalikdagi yulduz sanaladi. Bunga qo‘shimcha qilib aytishimiz mumkinki, quyoshdan ancha harorati yuqori yulduzlar ham koinotda son-sanoqsiz. Quyoshning diametri taxminan 1,4 million kilometrga teng, bu esa yerning diametridan 109 marta katta degani. Uning massasi bo‘lsa Yer massasidan 333 ming marta kattaroq. Shunday bo‘lsa-da, ushbu raqamlar uning kattaligini bildirmaydi, ammo uning issiqligi, gravitatsiya tortishishi va energiyasi tufayli Quyosh tizimidagi barcha sayyoralar o‘z o‘rni va harakat yo‘nalishiga ega.
SamDChTI xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabasi Madina Irisova tayyorladi.