G‘alati odatlarga ega «g‘aroyib» kishilar yoxud fanga boshog‘riq bo‘lgan «muz odam»
Hayotingiz davomida biror marta ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan harakatlarni amalga oshirayotgan insonlarni ko‘rganmisiz? Ko‘rmagan bo‘lishingiz mumkin, chunki dunyoda ular sanoqli. Telegram kanalimiz va saytimizni kuzatib boring, sizlarga aynan shunday g‘aroyib qobiliyatga ega odamlar haqida hikoya qilamiz. Dastlab "muz odam" haqida.
Gollandiyalik Vim Xof umuman sovuqni his qilmaydi. Uning tanasi barcha insonlar tanasi uchun halokatli bo‘lgan juda past haroratda ham o‘z xususiyatini yo‘qotmasligi barchani lol qoldiradi. Bu borada to‘qqiz marta jahon rekordini o‘rnatgan. 2000 yilda Vim Xof Finlyandiyadagi ko‘llardan birining muzlagan suvida 61 soniya ichida 57,5 metr masofani suzib o‘tdi. 2006 yilda esa G‘arbiy Yevropadagi Alp tog‘larida joylashgan eng baland 4810 metrlik Monblan cho‘qqisini bitta yengil kiyimda zabt etdi. Keyingi yili alpinistlarning orzusi bo‘lgan Jamolungma cho‘qqisiga chiqdi. Tepaga ko‘tarilishi vaqtida kutilmaganda oyoq barmoqlari muzlay boshladi. Ammo, baribir cho‘qqiga chiqib oldi.
2007 yilda niderlandiyalik «muz odam» barchani hayratda qoldirib birgina ichki kiyimda qor ustida 21 kilometr masofani bosib o‘tdi. Bu safar u Finlyandiyaning Arktikaga tutash qismidagi harorat 35 daraja sovuq bo‘lgan hududida amalga oshirdi. 2008 yilda yana bir rekord o‘rnatdi. Vim muz to‘ldirilgan idishga tushib 73 daqiqa o‘tirdi.
«Muz odam» olimlar uchun rosa boshog‘riq bo‘lyapti. Ko‘pchilik uning xususiyatini tug‘ma qobiliyat deb o‘ylamoqda. Xof esa o‘z intervyularida o‘z tanasi va ruhini faqatgina Nepal monaxlari foydalanadigan Tummo tantri tizimi bo‘yicha shug‘ullanib, chiniqtirganligini ta’kidlamoqda. Shunday bo‘lsa-da olimu mutaxassislar nima uchun uning tanasi qattiq sovuqlarga dosh berayotganligi sababini aytib berisholmayapti.
Dilmurod To‘xtayev tayyorladi.