G‘aroyib shakllarga ega orollar
Sayyoramizda noyob shakllar va kutilmagan qiyofaga ega juda ko‘p ajoyib tabiiy ob’yektlar mavjud. Masalan, kuzatuvlar ba’zi orollar vaqti-vaqti bilan maydoni, relefi va konturlarini o‘zgartirib turishini ko‘rsatdi. Dunyoda eng zo‘r landshaft dizayner - ona tabiatning o‘zi yaratgan hayratlanarli, ma’noli va o‘ziga xos orollar bor.
Maldiv orollaridagi ko‘z-orollar
Maldiv orollari nafaqat hashamatli mehmonxonalari, qordek oppoq qumlari va ko‘m-ko‘k suvlari bilan o‘ziga jalb qiladi, arxipelagdagi ba’zi orollar osmonga qarayotgan inson ko‘ziga juda o‘xshaydi. Agar siz ularga yuqoridan qarasangiz, hatto ko‘z qorachig‘i va uning rangdor pardasini ham ko‘rishingiz mumkin.
Sevishganlar oroli (Xorvatiya)
Xorvatiyaning Zadar shahri yaqinidagi Pashman kanalida Galeshnyak oroli joylashgan bo‘lib, uning shakli yurakning umumiy qabul qilingan grafik konturlariga deyarli mos keladi. 132,5 ming kvadrat metrdan iborat katta hajmli orolda aholi yashamaydi va u xususiy shaxsga tegishli. Garchi egasi kelajakda uni bezab turadigan anjir daraxtlarini o‘tqazgan bo‘lsa-da, unda yovvoyi hayvonlar yo‘q, o‘simliklar ham juda siyrak.
Novate.ru mualliflarining fikricha, butun dunyo bo‘ylab ramziy orolda asal oyini o‘tkazishga ruxsat ola olmagan oshiq-ma’shuqlar hech bo‘lmaganda to‘y marosimlarini tashkil qilish bo‘yicha uning egasi bilan muzokaralar olib borishga harakat qilib kelishadi.
Gavayidagi Yarim oy oroli
Maui oroli qirg‘og‘ida joylashgan Molokini kichik oroli (0,15 kv.km) Tinch okeanining suv yuzasida o‘rnashib olgan yarim oyga juda o‘xshaydi. Yarim oy oroli atrofidagi suvning shaffofligi (ko‘rinish 46 metr!) chuqurlik, marjon riflar va maftunkor biologik xilma-xillikka qiziqadigan g‘avvoslarni maftun etgan eng mashhur manzilga aylangan.
O‘pka shaklli orol, Florida (AQSh)
Shifokorlar va inson anatomiyasi bilan u yoki bu tarzda tanish bo‘lganlar tomonidan darhol tan olinadigan, inson o‘pkasini eslatuvchi bu orol bir vaqtning o‘zida Meksika ko‘rfazi, Atlantika okeani va Florida bo‘g‘ozlari tomonidan yuviladigan Florida Keys marjon arxipelagining bir qismidir. Orol xususiy bo‘lib, unda dam olish maskani, suzish havzalari va sport maydonchalari qurilgan qarorgoh bor, shu sababli egasining o‘pkalari doimo sog‘lom bo‘lishi kafolatlangan.
Galapagos orollaridagi dengiz oti shaklidagi Isabella oroli (Ekvador)
Tinch okeanining Galapagos orollari arxipelagiga qush uchadigan balandlikdan qaragan odam darhol bu orollarning eng kattasi dengiz oti kabi ko‘rinishni aks etishini payqaydi. To‘rttasi doimiy faollikda bo‘lgan oltita vulqon Isabela orolida 2 ming aholi va ko‘plab ekzotik hayvonlarga boshpana bergan g‘aroyib yer shaklini hosil qilgan.
Tinch okeanidagi Guishan toshbaqa-oroli (Tayvan)
Tinch okeanining suvlarida toshbaqaga o‘xshash orol joylashgan. Bu Tayvanning Ilan okrugidagi yagona faol vulqon. Xavfsiz davrlarda bu yerga sayyohlar tashrif buyurishadi, chunki uning baland qirg‘oqlari kitlarni tomosha qilishga imkon beradigan kuzatuv maydonini taqdim etadi.
Guishan Ilan okrugidagi eng katta orol hisoblanishiga qaramay, u yerdagi aholi 1970 yilda ko‘chirib chiqarilgan. Chunki bu yerda chuchuk suv yo‘q, vulqonning fumarollar (issiq vulkanik gazlar va bug‘larsizib chiqadigan teshiklar va yoriqlar) va geyzerlar bilan yaqinligi – bu joyni inson yashashi uchun eng noqulay manzilga aylantirib qo‘ygan.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.