"Gaz zapravka"larida xavfsizlik talablariga amal qilinyaptimi?

Bugungi kunda viloyatimizda mavjud avtomobillarning 50 foizdan ortig‘i muqobil yoqilg‘i sifatida siqilgan tabiiy gazdan foydalanib, harakatlanadi. Ularni yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun esa viloyat hududida 68 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari mavjud.

Xo‘sh, ushbu shoxobchalarda avtomobillarni gaz bilan ta’minlash tizimi zamonaviy talablarga javob beradimi? Ularda ishlayotgan xodimlar belgilangan texnika xavfsizligi qoidalariga nechog‘li amal qilyapti? Avtomobillarga yoqilg‘i quyishda gaz balloni uskunalarining birikkan joylari zichligi va ishonchliligi davriy sinovdan o‘tkazilyaptimi?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 sentyabrdagi "Gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari, shuningdek, tabiiy gazda ishlaydigan markazlashtirilgan qozonxonalarda bexatar foydalanishga doir shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori biz, nazorat organlari xodimlariga yuqorida qo‘yilgan savollar asosida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida xatlov o‘tkazish vazifasini yukladi.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali, viloyat standartlashtirish va metrologiya hamda viloyat IIB yong‘in xavfsizligi boshqarmalari hamda "Sanoatgeokontexnazorat" Samarqand mintaqaviy inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda viloyatimizda joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi yuzasidan xatlov o‘tkazdik.

Xatlov davomida 68 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda turli texnik kamchiliklar aniqlandi. Natijada 66 ta shoxobcha rahbariga 10 kunlik muddatda bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi va ijrosi nazoratga olindi. Samarqand shahridagi "Kamalak" va Samarqand tumanidagi "Yevrotashinvest" mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga qarashli shoxobchalar belgilangan texnologik reglament talablariga rioya qilmasdan ishlayotganligi sababli ular faoliyati vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yildi. Shoxobchada kamchilik to‘liq tugatilgach, faoliyati qayta tiklanadi.

Ikrom MAXSUMOV, "O‘zdavneftgazinspeksiya" viloyat bo‘limi boshlig‘i.