Rossiya gazi - Kremlning siyosiy qurolimi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eronga safari chog‘ida Rossiya gazining Yevropaga oqimi qisqarishida G‘arb aybdor ekanini aytdi va bu hali boshlanishi deya ogohlantirdi.

Tehronda jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya rahbari, agar turbinani zudlik bilan almashtirmasa, “Shimoliy oqim” orqali Germaniyaga oqib kelayotgan gaz hajmi kuniga 60 million kubometrdan 30 million kub/metrgacha qisqarishi bilan tahdid qildi. Bu umumiy quvvatning beshdan bir qismidir.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya yaqinda qurib bitkazilgan ammo hali-hanuz ishga tushmagan “Shimoliy oqim-2” gaz quvurini ishga tushirishi mumkin. Ammo loyiha umumiy quvvatining yarmigagina ishlaydi.

Fevral oyida Rossiya harbiylarining Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Yevropa Ittifoqi Rossiya ko‘miri va neftining katta qismini import qilishni taqiqladi. Yangi qoidalar joriy yil oxirida kuchga kiradi, biroq blok mamlakatlaridagi zavodlar, energetika sektori va turar-joy binolarining isitilishi o‘ta bog‘liq bo‘lgan tabiiy gazga ta’sir qilmasligi aytilmoqda.

Nega «Gazprom» yetkazib berishni qisqartirdi?

O‘tgan haftada “Gazprom” Portovaya kompressor stansiyasi turbinalarini ta’mirlash bilan bog‘liq muammolar sabab “Shimoliy oqim” quvuri orqali yetkazib berishni 40 foizgacha qisqartirganini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli Siemens tomonidan ta’mirlash uchun yuborilgan turbinani qaytarib bera olmasligi ma’lum qilingandi. Kanada va Germaniya keyinroq turbinani qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishdilar, biroq Vladimir Putin o‘tgan seshanba kuni "Gazprom" hali ham tegishli hujjatlarni olmaganini aytdi.

Avvalroq “Kommersant” kompressor stansiyasi uchun uskunalar Kanadadagi ta’mirlash zavodidan Germaniyaga jo‘natilgani va Rossiyaga 24 iyulda yetib borishi kerakligini xabar qilgandi.

Siemens turbinaga texnik xizmat ko‘rsatish odatdagi sharoitlarda muntazam ekanligini bildirdi. "Agar siyosiy iroda va sanksiyalar rejimi imkon bersa, agar bizdan so‘ralsa, turbinalarga odatdagi yuqori sifat standartlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatishni davom ettiramiz. Bunday hollarda bizning maqsadimiz - turbinalarni imkon qadar tezroq joyiga yetkazishdir", - deyiladi xabarda.

Rossiya rahbari, shuningdek, iyul oyi oxirida “Gazprom” yana bir turbinani ta’mirlashga to‘xtatish kerakligini, Kanada turbinani o‘z vaqtida qaytarmasa, gaz oqimi yanada qisqarishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz yetkazib berish qisqarishining ikkinchi sababi, kremlparast separatistlar nazorati ostidagi hududdan o‘tuvchi tranzit gaz quvuri tarmog‘ini to‘sib qo‘ygan Ukraina harakatlaridir deyiladi.

Siyosiy qaror qanday?

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen Moskva dalillarini tanqid qilib, quvurning normal ishlashi uchun "muqobil turbinalar" mavjudligini aytdi.

“Gaz berishdan bosh tortishga hech qanday bahona yo‘q”, dedi u.

"Ushbu zaxira turbina sentyabr oyida ishlatilishi kerak edi, shuning uchun bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu bir bahona va bu bahonani yo‘qotish uchun harakat qilyapmiz", dedi kecha, 20 iyun kuni Germaniya Iqtisodiyot va iqlim vazirligi matbuot kotibi.

Germaniyaning Gascade tarmoq operatori tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun, 21 iyul kuni Germaniya shimolidagi Lubmin shahridagi quvur yetib borish nuqtasida gaz ta’minoti qayta tiklanishi kutilmoqda. To‘g‘ri, operator so‘zlariga ko‘ra, ular oldingiga nisbatan atigi 40 foizni tashkil qiladi.

Avvalroq Yevrokomissiya gazni saqlash omborlarida to‘plash bo‘yicha rejalar Gazprom yetkazishi qisqarishi tufayli barbod bo‘lganini ma’lum qilgan va qishda issiqlik ta’minoti uzilib qolmasligi uchun Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlatiga iste’molni hozirdan qisqartirishni tavsiya qilgan edi.

"Kremlning bu urushda gazni qurolga aylantirishi fonida Yevropa Ittifoqi Rossiya gazini yetkazib berishni yanada qisqartirish xavfiga duch kelishi aniq. YeIga a’zo davlatlarning deyarli yarmi allaqachon Rossiyadan kam gaz olmoqda", deyiladi Yevrokomissiya bayonotida.

Rossiya gazi muammosi nimadan kelib chiqdi?

Rossiya gazi Yevropa importining qariyb 40 foizini tashkil qiladi.

22 fevral kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Moskva Ukraina sharqidagi separatistik hududlarni tan olgani munosabati bilan Rossiya va Germaniyani bog‘lovchi “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri qurilishi to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya uglevodorodlari importini taqiqladi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya 2022 yil oxirigacha Rossiya energiya manbalari importi to‘xtatilishini e’lon qildi. Yevropa Ittifoqi bu yil Rossiyadan uglevodorod xarid qilishni uchdan ikki qismga qisqartirish niyatida ekanini aytdi.

23 mart kuni Vladimir Putin Yevropa Ittifoqiga Rossiya gazi uchun dollar yoki yevroda to‘lashni taqiqladi. U Rossiya gazini "do‘stona bo‘lmagan" mamlakatlar, ayniqsa yevropalik iste’molchilari hisob-kitob uchun Rossiya banklarida rubl hisoblarini ochishi shartligini e’lon qildi.

Aprel oyida “Gazprom” rublda to‘lamagani uchun Bolgariya va Polshaga gaz yetkazishni umuman to‘xtatdi. Shundan so‘ng Rossiya rublda to‘lashdan bosh tortgan va NATO a’zoligini talab qilgan Finlyandiyaga, shuningdek, Niderlandiya va Daniyaga gazni uzib qo‘ydi.

30 may kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlati yetakchilari yil oxirigacha Rossiya nefti importini taxminan 90 foizga qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishdi, biroq gaz embargosini keyinga qoldirdi. Ayni paytda AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiya gaziga muqobil muzokaralar olib bormoqda. Shu tariqa Vashington joriy yilda Yevropaga qo‘shimcha 15 milliard kub metr suyultirilgan gaz yetkazib berish niyatida.

G.Xoldorova tayyorladi.